Bugun jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona tuman sudida Olimjon Haydarov (1989-yilda Rossiya Federatsiyasida tugʻilgan, bloger, “Turon mujdasi” va “Turon valley media” MCHJlari direktori, muqaddam sudlanmagan) ga oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona tuman sudining raisi A. Ergashev eʼlon qilgan hukmga koʻra:
O. Haydarovning ayblovidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi chiqarilib, O. Haydarov Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 2-qismi, 3-qismi “a” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Unga Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qoʻshishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilandi.
Shuningdek, Majburiy ijro byurosi zimmasiga ijtimoiy tarmoqlardagi O. Haydarovga tegishli barcha kanal, sahifa va guruhlarni hukm qonuniy kuchga kirgandan soʻng oʻchirilishi (bloklanishi)ni taʼminlash yuklatildi.
Jabrlanuvchi S. M. ga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar undirish boʻyicha tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmaganligi sababli, moddiy va maʼnaviy zarar undirish yuzasidan fuqarolik ishlari boʻyicha sudiga murojaat qilish huquqi borligi tushuntirildi.
Birinchi instansiya sudining hukmidan norozi taraflar jinoyat-protsessual qonunchiligida belgilangan tartib va muddatda Fargʻona viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirish huquqi mavjudligi maʼlum qilinadi.