BMT: 50 kundan beri G'azo shimoliga deyarli hech qanday oziq-ovqat yetib bormayapti

    BMTning WFP dasturi Falastin hududlari bo'yicha direktori Antuan Renarga ko'ra, mintaqada vayronagarchilik va ochlik darajasi har qachongidan ham yomonroq.

    G'azo sektori shimoliga 50 kundan ortiq vaqtdan buyon deyarli hech qanday oziq-ovqat yetib bormayapti. BMTning Jahon oziq-ovqat dasturining (WFP) Falastin hududlari bo'yicha direktori Antuan Renarning so'zlariga ko'ra, G'azodagi vayronagarchilik va ocharchilik darajasi har qachongidan ham yomonroq.

    “Odamlar endi vaziyatga dosh berolmaydi. Oziq-ovqat deyarli kirmayapti, bozorlar bo'm-bo'sh. Noyabr oyida 815 mingga yaqin odam WFP tomonidan oziq-ovqat yordami oldi, bu esa muhtojlarning deyarli yarmini tashkil etadi”, dedi u, tashkilotning X ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida e'lon qilingan videorolikda.

    Uning hisob-kitoblariga ko'ra, Falastinda 2,2 millionga yaqin aholi o'tkir oziq-ovqat yetishmovchiligini boshdan kechirmoqda, deb xabar beradi tass.ru.