BMT Afgʻonistonga insonparvarlik yordami joʻnatdi

    Xalqaro hamkorlik 15 Dekabr 2021 1845

    Bugun, 15-dekabr kuni Birlashgan Millatlar tashkiloti Qochoqlar ishlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining gumanitar yuki ortilgan ikkita maxsus yuk mashinasi Termiz orqali Afgʻonistonning Mozori Sharif shahriga joʻnatildi.

    Insonparvarlik yordami BMT Qochoqlar ishlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Surxondaryo viloyatidagi “Termez Cargo Centre”da Oʻzbekiston hukumati koʻmagida tashkil etilgan gumanitar markazidan yuklanib, qoʻshni davlatga yuborildi. Zamonaviy terminal Oʻzbekiston – Afgʻoniston chegarasidan ikki kilometr uzoqlikda joylashgan boʻlib, bu yerda yuklarni saqlash va qoʻshni mamlakatga joʻnatish uchun yetarli sharoit yaratilgan.

    Afgʻonistonga yuborilgan dastlabki qirq tonnaga yaqin gumanitar yuk oshxona anjomlari, plastmassa qoplama va boshqa zarur hayotiy narsalardan iborat.

    Gumanitar yordam yuklari joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida havo va quruqlik orqali Termizga yetkazilib, “Termez Cargo Centre” terminalida saqlanayotgan edi.