BMT bilan hamkorlikda iqlim oʻzgarishi yoʻnalishida yangi loyihalar amalga oshiriladi

    Yashil sayyora 9 Noyabr 2023 768

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva yurtimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan BMT bosh kotibi yordamchisi, Koʻkalamzorlashtirish va oʻrmonlar boʻyicha Global forum direktori Djuleta Biao Kudenukpo bilan uchrashdi.

    Oʻzbekiston bilan BMT oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, xususan, sogʻliqni saqlash, ekologiya, iqlim oʻzgarishi yoʻnalishlaridagi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

    Keyingi yillarda BMTning Oʻzbekistondagi ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorlikda “yashil” iqtisodiyot, iqlim oʻzgarishi, savdoni rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda qator loyihalar yoʻlga qoʻyilgan.

    BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining “Oʻzbekiston Respublikasida iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish boʻyicha milliy harakatlarni kuzatish va texnik yordam koʻrsatish boʻyicha integratsiyalashgan va kengaytirilgan shaffoflik tizimini yaratish salohiyatini oshirish” loyihasi samarali amalga oshirilyapti.

    Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda uning bolalar, yoshlar va ayollarga taʼsirini hisobga olgan holda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

    Ayni paytda Markaziy Osiyo global iqlim oʻzgarishi oqibatlarini tobora koʻproq boshdan kechiryapti. Orol dengizining qurishi mintaqada kompleks ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqardi. Shu nuqtai-nazardan suhbat chogʻida BMT va uning ixtisoslashgan idoralarining faol ishtirokida “yashil” texnologiyalarni keng joriy etish va zamonaviy iqlim texnologiyalarini jalb etish boʻyicha texnik qoʻllab-quvvatlashda yangi chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.

    Konstruktiv va amaliy ruhda kechgan uchrashuv yakunida muloqotni tizimli davom ettirish, barqaror rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish, hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar koʻlamini kengaytirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.