Senat maʼlumotiga ko‘ra, Parlament yuqori palatasi raisi Tanzila Norboyeva raisligida o‘tgan tadbirda BMT Bola huquqlari qo‘mitasining O‘zbekiston uchun tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi.
Davra suhbatida qatnashgan YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan tavsiyalarni amalga oshirishda ikki muhim jihat, yaʼni parlament nazorati va dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish muhimligini taʼkidladi.
BMT Bola huquqlari qo‘mitasi BHKning barcha tamoyillari va qoidalarini qonunchilikka kiritish va ularning tegishli organlar tomonidan amalda tadbiq etishni tavsiya qildi. Davra suhbati ishtirokchilari kamchiliklarni bartaraf etish va mamlakatda BHK ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish uchun bola huquqlari sohasidagi qonunchilik tashabbuslari va ustuvor yo‘nalishlarni muhokama qildilar.
BMT Bola huquqlari qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha joriy rejalar ham ko‘rib chiqildi. Bunda kamsitmaslik, bolaning eng yaxshi manfaatlari, yashash, omon qolish va rivojlanish huquqi, bolaning qarashlarini hurmat qilish singari umumiy tamoyillarga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, senatorlar hamda vazirlik va milliy idoralar vakillari tomonidan mazkur tavsiyalarni amalga oshirish, jumladan, Harakat dasturini monitoring qilish va hisobot tayyorlash bo‘yicha fikr va aniq rejalar bildirilib, bunda fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarini ham mamlakatda bola huquqlarining amalga oshirilishi monitoringiga jalb qilish zarurligi taʼkidlandi.