BMT Bosh kotibining yordamchisi, Yevropa va MDH boʻyicha BMTTD mintaqaviy byurosi direktori bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 16 Iyun 2021 692

    2021-yil 15-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev BMT Bosh kotibining yordamchisi, Yevropa va MDH boʻyicha BMTTD mintaqaviy byurosi direktori M. Egger bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili M. Dimovska ham ishtirok etdi.

    Tomonlar soʻnggi yillarda ikki tomonlama aloqalar mustahkamlanib borayotganini, shu jumladan BMT institutlari bilan birgalikda ishlar olib borayotganini taʼkidladi.

    Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida siyosiy va iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, fuqarolarning huquq va manfaatlarini taʼminlashda siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati roli kuchayib borayotgani toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

    BMTning 2030-yilgacha boʻlgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchillik bilan amalga oshirish Oʻzbekiston davlat siyosatining muhim yoʻnalishi ekani taʼkidlandi. Bu yoʻnalishda qator chora-tadbirlar koʻrildi, BMTTD bilan qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda.

    Gender tenglik boʻyicha koʻp tomonlama hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalasi ham muhokama etildi.

    M. Egger Oʻzbekistondagi demokratik islohotlarni yuqori baholadi va hamkorlikni yana-da rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

    Tomonlar hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi, shuningdek, oʻzlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashdi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.