BMT dunyoning 18 ta “qaynoq nuqtasi”da ocharchilik xavfi ortib borayotganidan ogohlantirdi

    Dunyoning 18 ta “qaynoq nuqtalari”da davom etayotgan jangovar harakatlar tufayli yaqin kelajakda ocharchilik xavfi kuchayadi.

    Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti va Jahon oziq-ovqat dasturi hisobotida aytiladi, deya xabar beradi BMT matbuot xizmati.

    Sudan, Burkina-Faso, Gaiti va Malida ocharchilik tahdidi yaqinlashayotgani, Afg'oniston, Nigeriya, Somali, Janubiy Sudan va Yaman esa yaqin kelajakda ro'yxatga kiritilishi mumkinligi xabar qilinmoqda.

    El-Nino vaziyatni yanada murakkablashtiruvchi iqlim hodisasi bo'lib, Tinch okeanining markaziy va sharqiy qismida suvning isishiga olib keladi va iqtisodiy zaif mamlakatlarda iqlim xavfini kuchaytiradi.

    “Agar biz hamma uchun global oziq-ovqat xavfsizligiga erishmoqchi bo'lsak, hozirgi sharoitda biznesni rivojlantirishning odatiy yo'lidan bormasligimiz kerak”, — dedi FAO Bosh direktori Syuy Dunyuy.

    FAO rahbari odamlarni ochlikdan qutqarish, shuningdek, dunyoda oziq-ovqat tanqisligi sabablarini bartaraf etish uchun qishloq xo'jaligi sohasida zudlik bilan islohotlar o'tkazish zarurligini ta'kidladi.

    “Dunyo bo'yicha nafaqat ko'plab odamlar och, balki ular duch kelayotgan ochlik darajasi har qachongidan ham yomonroq”, dedi Jahon oziq-ovqat dasturi ijrochi direktori Sindi Makkeyn.

    Sudandagi mojaro ommaviy ko'chishga olib keldi va odamlarning to'yib ovqatlanmasligiga sabab bo'lyapti. Bashoratlarga ko'ra, bir million nafardan ortiq fuqaro mamlakatni tark etishi kutilmoqda hamda Sudan hududida yana 2,5 million nafar fuqaro yaqin oylarda o'tkir ocharchilikka duchor bo'ladi.

    Hisobot mualliflarining ogohlantirishicha, Sudandagi mojaroning kuchayishi qo'shni mamlakatlarda salbiy oqibatlarga olib kelish xavfini oshiradi, chunki inqirozning kuchayishi qochqinlar sonining ko'payishiga, savdo va gumanitar yordam yetkazilishidagi uzilishlarga olib keladi.

    Markaziy Afrika Respublikasi, Kongo Demokratik Respublikasi, Efiopiya, Keniya, Pokiston, Suriya va Myanma ocharchilik xavfi juda yuqori bo'lgan “qaynoq nuqtalar” sifatida tasniflanadi, deb xabar bermoqda korrespondent.net.