Joriy yilda UN-Water (BMT mexanizmi BRM 6.4.2 indikatori bo‘yicha) tomonidan O‘zbekiston suv stressi darajasini sezilarli kamaytirishga erishgan mamlakat sifatida e’tirof etildi.

UN-Water taklifiga asosan O‘zbekiston delegatsiyasining Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha yuqori darajadagi siyosiy forumda (j.y. 5–11 iyul, Nyu-York sh., AQSH) ishtirok etib, mamlakatimizning BRM 6 bo‘yicha erishgan yutuqlari, jumladan suv tanqisligi darajasini pasaytirish yo‘nalishidagi natijalari taqdim etiladi.

BRM 6.4.2 indikatori iqtisodiy faoliyatning barcha turlari natijasida amalga oshirilgan chuchuk suv olish hajmini mavjud qayta tiklanuvchi chuchuk suv resurslarining umumiy hajmiga nisbatan baholaydi.

2017–2023 yillar oralig‘ida ayrim davlatlarda suv stress darajasi pasaygan bo‘lsa, ayrim mamlakatlarda aksincha, suv resurslariga bosim kuchaygan.

O‘zbekistonda suv stress ko‘rsatkichi 2017 yildagi 169 foizdan 2022 yilda 122 foizgacha pasayib, 47 foiz punktga kamaygan.

Suv tanqis davrlar uchun bu muhim ijobiy natija hisoblanadi. Zero, suv resurslari 25 foizga qisqargan sharoitda suv resurslariga bosim darajasining 47 foiz punktga pasayishi suvdan foydalanish samaradorligi oshgani va sohadagi islohotlar natijadorligini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan islohotlar va suv resurslarini samarali boshqarish choralari natijasida 2026 yil yakuniga qadar suv stress ko‘rsatkichi 117 foizgacha pasayib, 2017 yilga nisbatan jami 52 foiz punktga kamayishi kutilmoqda.

Shuningdek, 2017-2023 yillarda suv stress darajasini kamaytirishda yuqori natija ko‘rsatgan davlatlar qatoriga quyidagilar kiradi:

Pokistonda 122,6 foizdan 98 foizgacha pasayib, 24,6 foiz punktga kamaygan;

Turkmanistonda 148,6 foizdan 135 foizgacha kamayib, 13,6 foiz punktlik pasayish kuzatilgan;

Armeniyada 66,0 foizdan 59,9 foizgacha tushib, 6,1 foizga kamaygan;

Azarbayjonda 59,3 foizdan 57,5 foizgacha tushib, 1,8 foizga kamaygan.

Biroq ayrim davlatlarda suv stress darajasi oshib, suv resurslariga bosim kuchaygan:

Shimoliy Makedoniyada 38,6 foizdan 65,8 foizgacha oshib, 27,2 foiz punktga yomonlashgan;

Saudiya Arabistonida 955,9 foizdan 974 foizgacha ko‘tarilib, 18,1 foiz punktga oshgan;

Tojikistonda 52,6 foizdan 69,9 foizgacha ko‘tarilib, 17,3 foiz punktga oshgan;

Isroilda 103,6 foizdan 119,5 foizgacha oshib, 15,9 foiz punktga salbiy o‘zgarish qayd etilgan.

Ma’lumot uchun: BRM 6.4 vazifasi – 2030 yilgacha barcha sohalarda suvdan tejab foydalanishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, suv taqchilligi muammosini hal qilish va suv yetishmaydigan hududlarda yashovchi aholini toza ichimlik suvi bilan barqaror ta’minlash.

Ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasining ishtirok etishi mamlakatimizda suv resurslarini samarali boshqarish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, sohani raqamlashtirish va institutsional islohotlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida xalqaro hamjamiyatni xabardor qilish imkonini beradi.

Shuningdek, mazkur ishtirok mamlakatimizning suv sohasidagi xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga, ilg‘or tajribalar almashishga hamda yangi hamkorlik yo‘nalishlarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Suv sohasida barqaror rivojlanish markazi