BMT FAO Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakili oʻrinbosari agrar loyihalar bilan tanishdi

    Agrosektor 28 Mart 2022 2717

    BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining (FAO) Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakili oʻrinbosari Nabil Ganji Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tashrifi doirasida OʻzR Qishloq xoʻjaligi vazirligi vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazib, turli sohalardagi loyihalarning borishi bilan tanishdi.

    Bular qishloq xoʻjaligida raqamli texnologiyalarni joriy etish, kartoshkachilik va sholichilik tarmoqlarini rivojlantirish, oʻrmonlarni barqaror boshqarish, choʻllarning bioxilma-xilligini muhofaza qilish, qurgʻoqchilik va shoʻrlanish xavfiga qarshi kurashish, asalarichilik, issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish, chigirtkalarga qarshi kurash kabi sohalardir.

    Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida janob Ganji “Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va yangi qishloq xoʻjaligi bozorlari” panel sessiyasida maʼruzachi sifatida ishtirok etdi hamda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha faoliyatni yanada takomillashtirishga doir oʻz tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

    “Soʻnggi besh yilda Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi sohasida misli koʻrilmagan keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Bozor mexanizmlari, ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va klaster ishlab chiqarish tizimiga oʻtish, shular jumlasidan.Toshkent investitsiya forumi zarur investitsiyalar hajmi va ketma-ketligi, davlat va xususiy investitsiyalarning rolini yaxshiroq tushunish, qishloq xoʻjaligida xususiy investorlar uchun mavjud imtiyozlarni topish yoʻlida munosib ragʻbat yaratadi”, — deya taʼkidlab oʻtdi Nabil Ganji.