Maʼlumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida 2020-yil 13-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan saylovlarda Oʻzbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga uch yil muddatga – 2021-2023-yillarga saylangan. Mamlakatimiz 2021-yil 1-yanvardan boshlab bu boradagi vazifasini bajarib kelmoqda.

BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining bahorgi sessiyasi doirasida 2021-yil 22-24-fevral kunlari Jeneva shahrida boʻlib oʻtgan Yuqori darajadagi segment ishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu Kengashga aʼzo davlat rahbari sifatida birinchi marta ishtirok etdi va soʻzga chiqdi. Yuqori darajadagi segment Inson huquqlari boʻyicha kengashning yil davomidagi eng asosiy siyosiy tadbiri hisoblanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu nufuzli xalqaro tashkilot oliy minbaridan bir qancha milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslarni ilgari surgan. Oʻzbekiston Prezidentining bu tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan keng qoʻllab-quvvatlangan va izchillik bilan roʻyobga chiqarilmoqda.

Xususan, Jeneva shahrida 2021-yil 8-oktyabrda BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 48-sessiyasi doirasida Oʻzbekiston tashabbusi asosida Yoshlarning inson huquqlariga COVID-19 pandemiyasi taʼsirining oqibatlari toʻgʻrisidagi rezolyutsiya qabul qilindi. Rezolyutsiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2021-yil 22-fevral kuni BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surgandi.

Ayni chogʻda, BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 49-sessiyasi ishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligida Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

Maʼlumot uchun: BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi 2006-yil 5-martda BMT Bosh Assambleyasining 60/251-rezolyutsiyasi bilan tashkil etilgan. Mazkur rezolyutsiya asosida Kengash har bir davlatning inson huquqlari sohasidagi majburiyatlari bajarilishining Universal davriy tahlilini amalga oshiradi hamda shu orqali universal miqyosda va barcha davlatlarga bir xil munosabatni taʼminlaydi.

Inson huquqlari boʻyicha kengash BMT Bosh Assambleyasining organi hisoblanadi. Uning bosh vazifasi – erkinlik, qonun ustuvorligi va adolatni targʻib qilishdir. Inson huquqlari boʻyicha kengash qarorgohi Jeneva shahrida joylashgan.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaz matbuot xizmati.