Mamlakatimiz demokratlashtirish, BMTning ustav va shartnomaviy organlari doirasida inson huquqlari sohasi boʻyicha zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarish, shuningdek qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish sohalarida erishgan natijalari bilan xalqaro maydonda tez-tez eʼtirof etilayotgan ilgʻor davlatlar safidan joy olgani taʼkidlangan.

Hisobotda BMT tizimidagi inson huquqlari himoyasi bilan shugʻullanuvchi organlarning bir yillik faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirilgan. Koronavirus inqirozi bu boradagi ishlarga salbiy taʼsir koʻrsatgani qayd etilgan.

BMT Oliy komissari Oʻzbekistonda Maʼruzalar tayyorlash va BMT tegishli institutlarining tavsiyalarini bajarish boʻyicha milliy mexanizm yaratilganini yuqori baholagan. Oʻzaro hamkorlikda va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirokida ishlab chiqilgan Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati toʻgʻrisidagi kodeks loyihasiga ham ijobiy baho berilgan.

Oliy Majlisning inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) Inson huquqlarini himoya qilish milliy institutlari global alyansi huzurida akkreditatsiyadan oʻtgani muhim natijalardan biri sifatida qayd etilgan. Zero, bu qadam amaldagi xalqaro-huquqiy hujjat hisoblanmish Parij prinsiplariga toʻla mos keladi.

Koronavirus pandemiyasi sharoitiga qaramay, mamlakatimizda BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda 2020-yilda tegishli xizmatlar xodimlarining malaka va salohiyatini oshirish ishlari izchil davom ettirilgani alohida taʼkidlangan. Xususan:

  • 200 ta milliy subyekt – karantin choralari amal qilgan sharoitda odil sudlov imkoniyatlaridan foydalanish;
  • 25 nafar huquqshunos – erkinlik huquqi, odil sudlov, qiynoqlardan holi boʻlish, inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlaridan foydalanish va milliy sudlarda inson huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro huquq normalarini qoʻllash;
  • sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 400 nafar xodimi – BMT Inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasi xabarnomalari bilan ishlash tartib-taomillarini oʻrganish;
  • 44 nafar mutaxassis – inson huquqlari sohasi bilan shugʻullanadigan fuqarolik jamiyati tashkilotlarining faoliyati hisobdorligi va monitoringini amalga oshirish borasida tajriba oshirgan;
  • 180 nafar kishi – Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalda tatbiq etish doirasida oʻtkazilgan seminarlarda ishtirok etgan.

Oʻzbekiston BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi koʻmagida BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Universal davriy hisoboti mexanizmi doirasida berilgan tavsiyalarning bajarilishi boʻyicha oʻz oraliq maʼruzasini tayyorlashga erishgan sanoqli davlatlardan biri ekani ham eʼtirof etilgan.

Hisobotda taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda gender tenglik masalasiga ustuvor darajada eʼtibor qaratilayotgani munosabati bilan Statistika boʻyicha davlat qoʻmitasi tomonidan 2020-yilda ayollarga nisbatan kamsitishlarga doir muammo Koʻp indikatorli kompleks tadqiqotlar roʻyxatiga kiritilgani muhim ahamiyatga ega, deb xabar beradi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi
matbuot xizmati.