Delegatsiya aʼzolari BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining (ECOSOC) yuqori darajadagi siyosiy forumi doirasida tashkilot institutlari rahbarlari bilan uchrashdi.
BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YEIK) ijrochi kotibi Olga Algayerova bilan Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslaridan oqilona foydalanish, uning monitoringini olib borishda zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha YEIK bilan hamkorlik qilish masalalari koʻrib chiqildi.
YEIK rahbari hozirda BMT doirasida suv masalasiga qaratilgan vositalar mavjudligi va ular 30 yillik sinovdan oʻtganini taʼkidladi. Uchrashuv yakunida suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida yangi davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishga kelishib olindi.
BMT Taraqqiyot dasturi administratorining yordamchisi — Yevropa va MDH boʻyicha mintaqaviy byuro direktori Ivana Jivkovich bilan uchrashuvda Orolboʻyi mintaqasida iqlim oʻzgarishiga qarshi, mahalliy aholi ijtimoiy himoyasini yaxshilashga qaratilgan texnik va moliyaviy loyihalarni koʻpaytirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonning 2-Barqaror rivojlanish bondlarini chiqarishda BMTTD bilan hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 12-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev hamda mamlakatimizga tashrif buyurgan Ivana Jivkovich boshchiligidagi BMTTD masʼullaridan iborat delegatsiya oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtgan edi.
Unda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, kambagʻallikni qisqartirish hamda qishloq hududlarini rivojlantirish, “Tashabbusli budjet” loyihasi va uning odamlarni faollikka chorlashdagi ahamiyati, ijtimoiy himoya hamda atrof-muhitni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar koʻrib chiqilgan.