Chunki mazkur uchrashuv asnosida Oʻzbekiston — AQSH munosabatlarida yangi sahifa ochildi. Bu nafaqat ikki davlat oʻrtasidagi muloqotning yangi bosqichi, balki strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish yoʻlidagi muhim qadam sifatida tarixga kirdi. Oʻzbekiston va AQSH yetakchilarining yuzma-yuz muloqoti, tom maʼnoda, ikki xalq kelajagiga yoʻnaltirilgan, dunyo siyosiy maydonida katta ahamiyat kasb etgan voqea boʻldi.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi sessiyasidagi nutqi davomida qator ustuvor yoʻnalishlarga toʻxtaldi.
Birinchisi, tinchlik va xavfsizlik masalasi. Prezidentimiz global xavfsizlik muammolari, yangi tahdid va chaqiriqlar sharoitida davlatlar oʻrtasida ishonch va hamkorlikni mustahkamlash zarurligini qayd etdi. Oʻzbekiston har doim tinchlikparvar siyosatga sodiq ekani va mintaqaviy barqarorlikka oʻz hissasini qoʻshishini taʼkidladi.
Ikkinchisi, inson huquqlari va demokratiya. Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini taʼminlash masalalari nutqdan alohida oʻrin oldi. Yangi Oʻzbekistondagi islohotlar inson qadrini ulugʻlash tamoyili asosida amalga oshirilayotgani dunyo hamjamiyatiga yana bir namoyish qilindi.
Uchinchisi, barqaror taraqqiyot va iqlim masalalari. Ekologik muammolar, ayniqsa, Orol fojiasi va oqibatlari dunyo uchun ogʻriqli masala sifatida koʻtarildi. Shu bilan birga, iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashda barcha davlatlar birlashishi lozimligi taʼkidlandi.
Toʻrtinchisi, yoshlar va taʼlim. Davlatimiz rahbari yoshlar masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Yangi Oʻzbekistonning asosiy boyligi yoshlar ekani, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish, bilimi va salohiyatidan samarali foydalanish orqali barqaror taraqqiyotga erishish mumkinligi aytildi. Shu maʼnoda, xalqaro yoshlar hamkorligini kuchaytirish taklif etildi.
Beshinchisi, xalqaro hamkorlik va hamjihatlik. Nutqdagi yana bir muhim jihat — global muammolarni yechishda davlatlarning oʻzaro hamkorligi va hamjihatligi zarurligi haqidagi fikrlardir. Milliy yoki mintaqaviy manfaatlar emas, balki butun insoniyat taqdiri ustuvor boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
Prezidentimiz nutqi insoniyat oldida turgan dolzarb masalalarni hal qilishda Oʻzbekistonning izchil pozitsiyasini va global tashabbuskorligini namoyon etdi.
Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan turli uchrashuvlar ham boʻlib oʻtdi. Xususan, Prezidentimiz AQSHda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, shuningdek, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlari bilan samimiy uchrashuv oʻtkazdi. Bu muloqot nafaqat maʼnaviy quvvat manbai, balki yangi Oʻzbekiston — yangi imkoniyatlar mamlakati ekanining amaldagi tasdigʻi boʻldi.
Suhbatning asosiy maqsadi oʻzi uzoqda boʻlsa-da, yurt taqdiriga befarq boʻlmagan farzandlar qalbini Vatanga bogʻlash, ularni yangi taraqqiyot jarayonlariga faol jalb etish edi. Prezidentimiz yoshlarga samimiy mehr va yuksak ishonch bildirdi, ularning bilimi va tajribasi mamlakatimiz taraqqiyoti uchun juda zarur ekanini taʼkidladi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, 500 dan ziyod stipendiatning AQSHda tahsil olayotgani mamlakatimizda ilm-fan, taʼlim va kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan eʼtibor samarasidir. Bu avlod ertaga Vatan taraqqiyotining tayanchi va yetakchi kuchi boʻlishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, muloqot ramziy jihatdan ham katta ahamiyatga ega. Dunyoning qaysi burchagida boʻlmasin, Oʻzbekiston farzandlari hamisha Vatan mehri va davlat gʻamxoʻrligi doirasidan tashqarida emasligini koʻrsatdi.
Prezidentimizning AQSHga tashrifi doirasida oʻtkazilgan uchrashuvlar nafaqat siyosiy va diplomatik, balki iqtisodiy va innovatsion hamkorlik masalalarini ham yangi pogʻonaga olib chiqdi. Suhbatlar chogʻida ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklikning kelgusi yoʻnalishlari belgilab olindi.
Ayniqsa, milliy iqtisodiyotga AQSHning ilgʻor tajribasi va zamonaviy texnologiyalarini joriy qilish masalasi alohida ahamiyat kasb etdi. Xususan, investitsiyaviy muhitni yanada ochiq va raqobatbardosh etish, qoʻshma loyihalar orqali yangi ish oʻrinlari ochish, shuningdek, elektron savdo maydonlari — marketpleyslarni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Shu bilan birga, tibbiyot, transport va logistika sohalarida innovatsiyalarni qoʻllash, raqamli yechimlarni joriy etish hamda yuqori texnologiyali sohalarda qoʻshma dasturlarni amalga oshirish ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari sifatida belgilandi. Xususan, AQSHning tibbiyot sohasidagi ilgʻor tajribasini Oʻzbekiston klinikalariga joriy etish orqali zamonaviy diagnostika va davolash standartlari keng qoʻllanishi koʻzda tutilmoqda.
Bu tashabbuslar, avvalo, Oʻzbekiston iqtisodiyotining global bozordagi raqobatbardoshligini kuchaytirish, shuningdek, mamlakatimizda yangi innovatsion muhitni shakllantirishga xizmat qiladi. Shu tariqa AQSH bilan iqtisodiy va innovatsion sheriklik mamlakatimiz taraqqiyotining strategik ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida namoyon boʻlmoqda.
AQSH bilan hamkorlik doirasidagi ushbu tashabbuslar oliy taʼlim uchun ham ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi. Avvalo, ilgʻor texnologiyalarni taʼlim jarayoniga joriy qilish, AKT va innovatsion pedagogika sohalarida qoʻshma dasturlarni amalga oshirish imkoniyati paydo boʻladi. Shu orqali Oʻzbekistonda pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari talabalari va professor-oʻqituvchilari xalqaro tajribadan bevosita bahramand boʻlishi, ilm-fan natijalarini iqtisodiy amaliyot bilan bogʻlay olishi mumkin.
Prezidentimizning BMT minbarida soʻzlagan nutqini katta qiziqish bilan kuzatdik. Chunki unda koʻtarilgan masalalar — tinchlik va barqaror taraqqiyot, inson huquqlari, yoshlar va taʼlimga oid gʻoyalar — aynan universitetimizdagi taʼlim-tarbiya ishlari bilan chambarchas bogʻliq.
Oʻzbekiston yetakchisining global tashabbuslari, ayniqsa, yoshlar siyosati va taʼlim sohasiga doir fikrlari universitetimiz rivoji uchun muhim dasturulamal vazifasini oʻtaydi. Professor-oʻqituvchilar va talabalar faoliyatini aynan shu gʻoyalar asosida yoʻnaltirib, yangi avlod pedagog va murabbiylarini tarbiyalashni maqsad qilgan.
Shu bilan birga, nutqda taʼkidlangan barqaror taraqqiyot va ekologiyaga oid masalalar, jumladan, Orolboʻyi muammosiga doir tashabbuslar ham universitetimizda oʻtkazilayotgan ilmiy tadqiqotlar va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki kelajak avlodga sogʻlom muhit, tinch va farovon mamlakat qoldirish taʼlim muassasalarining ham umumiy burchidir.
Prezidentimizning Nyu-Yorkka tashrifi, tarixiy uchrashuvi va muloqotlari yangi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yangi pogʻonaga koʻtardi. BMT minbarida yangragan tashabbuslar, uchrashuvlar va vatandoshlar bilan samimiy muloqot — barchasi yangi Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatida muhim va munosib oʻrin egallayotganini yaqqol namoyon etdi.
Maqsud YULDOSHEV,
Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori, professor
Hamkorlik materiali