(Suratda A.Boboxo'jaev chapdan uchinchi)
Aynan shu yili O'zbekiston SSR Tashqi ishlar ministri, tarix fanlari doktori, professor Abdusamad Boboxo'jaev SSSR delegatsiyasi tarkibida BMT Bosh Assambleyasining V sessiyasida qatnashib, O'zbekiston SSR nomidan nutq so'zlaydi va BMT minbaridan nutq so'zlagan birinchi o'zbek diplomati sifatida tarixda qoldi.
Boboxo'jaev Abdusamad Xonto'raevich 1904 yilda Surxondaryo viloyatining SHerobod tumanida tug'ilgan. 1920 yildan o'z mehnat faoliyatini gazeta muharrirligidan boshlagan A.Boboxo'jaev turli yillarda Toshkent moliya-iqtisodiyot instituti o'qituvchisi, Ukraina Kommunichtik partiyasi Markaziy qo'mitasi bo'lim boshlig'i, Surxondaryo viloyati partiya komiteti kotibi, O'zbekiston SSR tashqi ishlar vazirligi bo'lim boshlig'i vazifalarida ishlagan. Surxondaryo viloyati partiya komiteti kotibi lavozimida ishlab yurgan paytida O'zbekiston SSR Oliy Kengashi deputati etib saylangan.
A.Boboxo'jaev 1948-1952 yillarda O'zbekiston SSR tashqi ishlar vaziri lavozimida, bir vaqtning o'zida 1948 yildan O'zbekiston SSR Fanlar akademiyasi tizimida faoliyat yuritgan. 1953 yildan 1964 yilgacha Tarix va Arxeologiya instituti direktori, 1964 yildan Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Sharq muammolari sektorini boshqargan.
1959 yilda tarix fanlari doktori ilmiy darajasini olgan sharqshunos olim va mohir diplomat Abdusamad Boboxo'jaev 1975 yilda vafot etgan.