Tadbir O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Parlamentlararo ittifoq, BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissarligi idorasi, BMTning O'zbekistondagi doimiy vakolatxonasi va Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tashkil etildi.

Videokonferentsiyada xorijiy ishtirokchilar tomonidan O'zbekiston parlamentining karantin choralariga muvofiq faoliyatini davom ettirayotgani, qolaversa, inson huquqlari va manfaatlarini ilgari surishdagi rolining izchil o'sayotganligi qayd etildi. Umuman olganda, olib borilayotgan islohotlar, xususan, inson huquqlarini himoya qilish borasida ham sezilarli yutuqlarga erishilgani ta'kidlandi.

SHu bilan birga, xalqaro tashkilotlar tomonidan O'zbekistonda koronavirus pandemiyasi davrida qabul qilingan aniq chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani va buning natijasida muvaffaqiyatlarga erishilayotgani  alohida e'tirof etildi.

– O'zbekistonning BMT, Parlamentlararo ittifoq bilan tobora mustahkamlanib borayotgan hamkorligi e'tiborga molikdir, – deydi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva. – Bugungi kunda mamlakatda sud hokimiyati, siyosiy partiyalar va parlamentning roli o'zgarganini alohida qayd etish joiz. O'zbekiston parlamenti qonunchilik ishlarini amalga oshirish bilan bir qatorda, hayotiy muhim masalalarni amalga oshirish bo'yicha monitoring funktsiyalarini kuchaytirdi. SHu bilan birga, Gender tenglik masalalari bo'yicha komissiya, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha milliy komissiya, shuningdek, parlament yuqori palatasida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo'mitasi tuzildi. Qolaversa, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili, Bosh prokuratura, ichki ishlar, adliya va tashqi ishlar vazirliklarining hisobotlari eshitilishi tizimi yo'lga qo'yilgan. Binobarin, “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyilini amalda ishlashini ta'minlashga e'tibor qaratilmoqda. SHuning uchun ham xalq bilan muloqot va jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratib kelinmoqda. Zotan, inson huquqlarini ta'minlash – bosh maqsadimizdir. 

SHuningdek, videokonferentsiyada O'zbekiston parlamentining inson huquqlarini ta'minlashdagi roli, mexanizmlari bo'yicha BMTning Inson huquqlari Kengashi tavsiyalarini bajarishga doir ishlarni davom ettirishi borasida so'z yuritildi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati