BMT O'zbekiston rezolyutsiyasini qo'llab-quvvatladi

    Rezolyutsiyani tayyorlashda 70 davlatdan yuzlab mutaxassislar, BMT vakillari ishtirok etgan.

    Joriy yil 9-oktyabr kuni Jenevada BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi (IHBK) a'zo davlatlari O'zbekiston tomonidan tayyorlangan COVID-19 pandemiyasining yoshlar huquqlariga ta'siri haqidagi rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qildi.

    Rezolyutsiyani IHBKning barcha 47 a'zo davlati qo'llab-quvvatlagan, 37 tasi hammuallif sifatida qo'shilgan.

    “Ushbu hujjat davlatlarni yoshlarga teng imkoniyatlar yaratishga, COVID-19 pandemiyasining salbiy ta'sirini kamaytirish sharoitida ularning huquq va erkinliklarini ta'minlashga ko'maklashishga da'vat etadi”, deyiladi TIV axborotida.

    Rezolyutsiyani tayyorlashda 70 davlatdan yuzlab mutaxassislar, BMT vakillari ishtirok etgan, 300 dan ortiq talab va takliflar to'planib, jamlangan.

    Ma'lumot o'rnida, BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasi davomida O'zbekiston Prezidenti “Yoshlar huquqlari to'g'risida”gi konventsiyani qabul qilishni taklif qilgan edi. Ushbu tashabbus xalqaro hamjamiyat tomonidan qo'llab-quvvatlangan.

    Davlatimiz rahbari Birlashgan millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi sessiyasida yoshlar masalasiga alohida to'xtalib, Yoshlar huquqlari to'g'risidagi BMT konventsiyasini qabul qilish bo'yicha O'zbekiston tashabbusini qo'llab-quvvatlash chorlagan edi.

    Rauf Nurullayev