Kun tartibida agrar sohada Oʻzbekiston va FAO oʻrtasida oʻzaro munosabatlarni yanada mustahkamlash, bilim va innovatsiyalarni jalb etish, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va boshqa masalalarda hamkorlikni kengaytirishga oid dolzarb masalalar muhokama etildi.
Uchrashuv chogʻida FAO bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Bet Bekdol oʻtgan ikki yilda Oʻzbekistonning Yevropa uchun 32-Mintaqaviy konferensiyasida raisligi davrida amalga oshirilgan samarali saʼy-harakatlarni yuqori qadrlashini maʼlum qildi.
Mamlakat qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini roʻyobga chiqarishda FAO tomonidan keng qirrali sheriklikka tayyor ekanligi bildirildi.
Kelgusida mintaqada Orol dengizi fojeasi oqibatlarini yumshatish, qishloq xoʻjaligida iqlim oʻzgarishiga moslashishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish va sohaga investitsiyalarni jalb etish masalalarida yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Shuningdek, tomonlar joriy yil iyun oyida FAO bosh qarorgohida oʻzbek madaniyati, anʼanalari va mehmondoʻstligini oʻzida yaqqol namoyon etadigan “Uzbekistan Lounge” milliy xonasining ochilish marosimini oʻtkazishga kelishib oldi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.