BMT qo‘mitasi sessiyasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi onlayn ishtirok etyapti.
BMT qo‘mitasi sessiyasi ishida, shuningdek, O‘zbekistondagi bir qator fuqarolik jamiyati institutlarining faollari masofadan qatnashyapti.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Konvensiya qoidalarini amalga oshirish doirasida tayyorlangan Oltinchi davriy hisobot 2016-yildan – hozirgi kungacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan. Ushbu ma'ruzani tayyorlashda 30 dan ortiq davlat organi va 20 dan ziyod fuqarolik jamiyati instituti ishtirok etgan.
Oltinchi davriy hisobotda Konvensiya qoidalarining moddama-modda amalga oshirilishi, O‘zbekiston qonunchiligiga mazkur yo‘nalishda kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlar, xotin-qizlarning mavqyeini yuksaltirish borasida erishilgan yutuqlar haqida batafsil ma'lumot berilgan. Xususan:
- xotin-qizlarni kamsitmaslik sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishi;
- O‘zbekiston hukumati tomonidan xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqyeini kuchaytirish;
- erkaklar va ayollar o‘rtasida amalda tenglikni o‘rnatishni jadallashtirish;
- xotin-qizlarga nisbatan jamiyatdagi noto‘g‘ri qarashlarga barham berish;
- xotin-qizlar savdosining barcha shakllariga va xotin-qizlardan fohisha sifatida foydalanishga chek qo‘yish;
- nikohga oid masalalar va oilaviy munosabatlarda, siyosiy faoliyat va jamiyat hayotida, ta’lim, bandlik, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy-iqtisodiy, xalqaro hamkorlik sohalarida xotin-qizlarni kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ma'lumotlar qamrab olingan.
Ma’lumot uchun: Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1979-yil 18-dekabrda qabul qilingan. O‘zbekiston ushbu Konvensiyaga 1995-yil 6-mayda qo‘shilgan.
Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish bo‘yicha qo‘mita – BMTning shartnomaviy organidir. U Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari bajarilishini monitoring qilish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda 18 nafar mustaqil ekspert mazkur Qo‘mitaning a'zosi hisoblanadi.
BMT qo‘mitasi sessiyasidan maqsad – Konvensiya qoidalari bajarilishini ta’minlash borasida erishilgan natijalarni muhokama qilishdir. Sessiya yakunida davriy hisobotni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan tegishli davlatlarga taklif va tavsiyalar taqdim etiladi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.