BMT qoʻmitasining sessiyasida Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya bajarilishi yuzasidan Oʻzbekistonning Beshinchi davriy hisoboti koʻrib chiqiladi

    Xalqaro hamkorlik 23 Avgust 2022 3206

    Kecha Toshkentda Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining BMT Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasi 91-sessiyasida ishtirokiga tayyorgarlik koʻrilishi yuzasidan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

    Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz maʼlumotiga koʻra, joriy yil 29-avgust – 23-sentyabr kunlari BMTning Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasining 91-sessiyasi boʻlib oʻtadi. Sessiya doirasida, 31-avgust – 1-sentyabr kunlari Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya bajarilishi yuzasidan Oʻzbekistonning Beshinchi davriy hisoboti koʻrib chiqiladi.

    Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tayyorgarlik tadbirida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo mintaqaviy boʻlinmasi rahbari oʻrinbosari Fabio Piana soʻzga chiqdilar.

    Oʻquv-trening davomida xalqaro inson huquqlari tizimi va Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya rolining tavsifi, BMT Qoʻmitasi va ishtirokchi davlat oʻrtasidagi amaliy muloqotning maqsadi, qoidalari va tartiblari, Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitaning yakuniy kuzatishlari asosida Milliy harakat rejasini ishlab chiqish istiqbollari yuzasidan delegatsiya aʼzolari va ishchi guruh vakillari oʻzaro fikr almashdilar.

    Hukumat delegatsiyasiga Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya bajarilishi yuzasidan BMT Qoʻmita aʼzolari tomonidan berilishi mumkin boʻlgan ehtimoliy savollar ham muhokama qilindi. Shu oʻrinda mamlakatimizda bolalarni kamsitmaslik sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishi, nikoh va oila, siyosat va jamiyat hayoti, taʼlim va bandlik, mehnat va sogʻliqni saqlash, ijtimoiy va iqtisodiy, tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik kabi koʻplab sohalarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi maʼlumotlar tahlil qilindi.

    Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, bugungi kunga qadar Oʻzbekiston tomonidan Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya bajarilishi yuzasidan BMTning Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasiga 4 ta davriy hisobot taqdim etilgan.

    BMT Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasining 91-sessiyasida Oʻzbekiston bilan birga Boliviya, Vyetnam, Germaniya, Quvayt va Shimoliy Makedoniya mamlakatlarining hisobotlari ham koʻrib chiqiladi.

    BMT qoʻmitasining boʻlajak sessiyasidan koʻzlangan asosiy maqsad Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya qoidalari bajarilishini taʼminlash borasida erishilgan natijalarni muhokama qilishdan iborat. Sessiya yakunida BMTning Bola huquqlari boʻyicha qoʻmitasi davriy hisobotning koʻrib chiqilishi yakunlari yuzasidan oʻz taklif va tavsiyalarini taqdim etadi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.