BMT va Senat hamkorligi yangi bosqichga koʻtarildi

    Joriy yil 14-mayda Oliy Majlis Senati Raisi Т.Нарбаева BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, “BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Sami Baxus bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda “BMT-ayollar” tuzilmasi bilan hamkorlikda gender tenglikni taʼminlash hamda xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar ularning amaliy natijalariga eʼtibor qaratildi.

    S. Baxus xonim Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida bildirgan takliflari asosida oʻtkazilgan Osiyo xotin-qizlari forumi yuqori saviyada tashkil etilganini taʼkidladi va uni har ikki yilda bir marta Oʻzbekistonda oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifni toʻliq qoʻllab-quvvatladi.

    Shu bilan birga, mamlakatimizda xotin-qizlarning mehnat huquqlari, ularning tadbirkorlik faoliyati qoʻllab-quvvatlanayotgani, bu yoʻnalishda ayollarga keng koʻlamli imtiyozlar yaratib berilayotgani tahsinga sazovor ekanligi qayd etildi.

    Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqotini yoʻlga qoʻyishdagi tashabbusini, shuningdek, Respublika gender tenglikni taʼminlash komissiyasining barcha ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi samarali faoliyatini yuqori baholadi.

    Tomonlar Respublika gender tenglikni taʼminlash komissiyasi va “BMT-ayollar” tuzilmasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandumni imzolash masalasini koʻrib chiqish hamda qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlashga tayyor ekanligini bildirdilar.

    “BMT-ayollar” tuzilmasi xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, jumladan, qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirishda koʻmaklashishga tayyor ekanligini bildirdi.

    Mamlakatimizda “BMT-ayollar” tuzilmasining vakolatxonasini ochish masalasi ham muhokama qilindi va kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

    Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuv yakunida tizimli muloqotni davom ettirish muhimligi eʼtirof etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.