BMT Xalqaro sudi rahbari Livanning yangi Bosh vaziri bo'ldi

    Livan parlamenti Gaagadagi Xalqaro sud rahbari Navaf Salomni mamlakat Bosh vaziri etib sayladi. Bu haqda kecha BBC xabar berdi.

    Shu tariqa, Livan parlamentining 128 a'zosining uchdan ikki qismi 71 yoshli sudyaning ushbu lavozimga nomzodini yoqlab ovoz berdi. Muvaqqat bosh vazir Najib Mikati atigi 9 ta ovoz oldi.

    Navaf Salom bugun Livanga qaytishi kutilmoqda.

    “Salomning tayinlanishi Mikatini qayta tayinlashga uringan, ammo yakunda bitta ham nomzod ko'rsata olmagan Hizbullohga yana bir zarba bo'ldi. Shia musulmonlari harakati Eron tomonidan qo'llab-quvvatlangan siyosiy partiya bilan birga, Isroil bilan so'nggi urush tufayli avvalgi kuchini yo'qotdi”, deyiladi xabarda.

    Navaf Salom Bayrutlik taniqli sunniy oila a'zosi. Uning amakisi 1943-yilda Livanning Fransiyadan mustaqil bo'lishiga yordam bergan va bir necha muddat Bosh vazir bo'lgan. Uning amakivachchasi Tammam ham 2014-yildan 2016-yilgacha Bosh vazir lavozimida ishlagan.

    Salom bir qancha universitetlarda huquqshunos va o'qituvchi bo'lib ishlagan, so'ngra 2007-yildan 2017-yilgacha Livanning Nyu-Yorkdagi BMTdagi doimiy vakili bo'lib ishlagan.

    2018-yilda u BMT Xalqaro sudi – BMT oliy sudi a'zosi bo'ldi. O'tgan yilning fevral oyida u uch yillik muddatga sud organi prezidenti etib saylangan edi.

    Salom bu lavozimni Xalqaro sud Janubiy Afrika Respublikasining Isroil harbiylarini G'azo sektorida falastinliklarga qarshi genotsid sodir etish masalasida da'vo kiritgani bilan bog'liq ishni ko'rib chiqayotgan paytda egalladi. Isroil ayblovlarni rad etib, ularni asossiz deb atadi.

    Eslatib o'tamiz, o'tgan hafta Livan parlamenti mamlakat prezidentini saylagan edi. Uning o'rnini armiya qo'mondoni Jozef Aun egalladi. Prezidentlik lavozimi sobiq davlat rahbarining vakolat muddati tugagan 2022-yil oktabr oyi oxiridan beri bo'sh edi, deb xabar beradi korrespondent.net.