Maxsus maʼruzachi yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilinishini qutlar ekan, mazkur hujjat diniy erkinlikni taʼminlash boʻyicha qonunchilik tizimiga koʻplab ijobiy oʻzgarishlar olib kelganini taʼkidladi. Suhbat chogʻida ushbu qonunning qabul qilinishi barcha dinlar va eʼtiqodlar uchun inklyuziv makonni qoʻllab-quvvatlash imkonini beruvchi samarali huquq-tartibotni taʼminlashga qaratilgan oʻzaro hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergani qayd etildi.

Ahmad Shahid Oʻzbekiston hukumatining uning ofisi va boshqa xalqaro tuzilmalar hamda ekspertlar hamjamiyati bilan hamkorligining izchilligiga yuqori baho berib, mamlakatimiz bilan oʻrnatilgan konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi. Shu nuqtayi nazardan, Ahmad Shahid joriy yil sentyabr oyida Oʻzbekistonga safar qilib, Nyu-York shahri universiteti (CUNY-RBI) huzuridagi Ralf Banch nomidagi xalqaro tadqiqotlar instituti va Esseks universiteti huquqshunoslik maktabi (Essex-HRC) yordamida texnik koʻmak dasturini ishga tushirishga tayyorligini maʼlum qildi. Safar dasturida tegishli davlat idoralari, fuqarolik jamiyati va diniy tashkilotlar vakillari uchun qator seminar va treninglar oʻtkazish koʻzda tutilgan. Shuningdek, BMT doirasida qoʻllanilayotgan inson huquqlari koʻrsatkichlariga asoslangan milliy monitoring va baholash tizimini ishlab chiqishda maslahat yordami koʻrsatiladi.

BMT maxsus maʼruzachisi “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumini oʻtkazish rejasini olqishlab, mazkur anjuman yakunlari boʻyicha “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilinishi alohida ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. U Oʻzbekiston tarixan diniy va konfessional xilma-xillikning boy merosiga ega maʼrifatli islom markazi boʻlib kelgan, deb fikr bildirdi.

Ahmad Shahid “Buxoro deklaratsiya”si loyihasini ishlab chiqishda zarur maslahat yordami koʻrsatishini, shuningdek, dekabr oyida ushbu xalqaro konferensiya ishida ishtirok etish uchun Oʻzbekistonga yana bir bor safar qilishini tasdiqladi.