BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun Maxsus dasturi (SPECA)ning Iqtisodiy forumi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 20 Noyabr 2021 1785

    Joriy yil17-19-noyabr kunlari Toshkentda “Pandemiyadan soʻng yashil va inklyuziv iqtisodiyotni rivojlantirish uchun barqaror transport va savdo tizimlari” mavzusida BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti boʻyicha Maxsus dasturi (SPECA)ning Iqtisodiy forumi hamda mazkur Dasturning Boshqaruv kengashining Oʻn oltinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    SPECA 2021 Forumi mintaqada barqaror savdo va transportni rivojlantirish va ularning iqtisodiyotning ekologik jihatdan xavfsizligi, sirkulyarligi va inklyuzivligini oshirishga hissa qoʻshishiga bagʻishlangan. Tadbirning maqsadi muayyan maqsadlarga erishish, mintaqaviy tashabbus va strategiyalarni qabul qilish hamda ularni roʻyobga chiqarish boʻyicha aniq amaliy harakatlarni belgilash uchun koʻp tomonlama muloqotni faollashtirishdan iborat.

    Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi Ijrochi kotibi oʻrinbosari D.Maryasin, SPECAga aʼzo mamlakatlar — Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston delegatsiyalari, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi (PDMM) vakillari, Yevropa Ittifoqi (YEI), Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII), Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT), Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT), shuningdek, boshqa davlatlar va tashkilotlar vakillari va ekspertlari ishtirok etdi.

    Forumning yalpi majlisini ochar ekan, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, BMT Bosh kotibining oʻrinbosari va BMTTD Ijrochi kotibi O.Algayerova shuningdek, BMT Bosh kotibining oʻrinbosari va BMTning Osiyo va Tinch okeani boʻyicha Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining Ijrochi kotibi A.Alishaxbana ishtirokchilarga videomurojaatlar yoʻlladilar.

    Oʻzbekiston tomoni SPECA hududining mamlakatlari bilan iqtisodiy hamkorlikning ijobiy dinamikasini qayd etdi. Jumladan, soʻnggi bir necha yil ichida Oʻzbekiston va SPECAga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi tovar aylanmasi ikki barobarga oshdi va 5 milliard dollarga yetdi, SPECAga aʼzo mamlakatlar kapitali ishtirokidagi yangi korxonalar soni esa 2017-yildan boshlab 5 barobar oʻsdi va 1 983 taga yetdi.

    Oʻzbekistonda iqtisodiyotni erkinlashtirish, investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay muhit yaratish, investorlar va xususiy mulkni huquqiy himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlash, hamkor davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar alohida taʼkidlandi.

    Tadbir davomida ustuvor vazifalar belgilandi. Xususan, SPECAga aʼzo mamlakatlar iqtisodiyotlarining raqobatdosh ustunliklarini hisobga olgan holda iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash hamda mavjud savdo toʻsiqlarni bartaraf etish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va elektron tijoratni rivojlantirish hisobiga umumiy bozori 127 million kishidan ortiq boʻlgan SPECA hududidagi mamlakatlari oʻrtasida umumiy savdo aylanmasini 2025-yilga borib kamida ikki barobarga oshirish lozimligi haqida soʻz bordi.

    Oʻzbekiston tomoni bir qator takliflarni ilgari surdi. Jumladan, mamlakatda 2022-yilda investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlik boʻyicha SPECA Ishchi guruhining birinchi yigʻilishini oʻtkazish hamda keyinchalik ushbu platformani mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida takomillashtirish gʻoyalari ilgari surildi. Bundan tashqari, transchegaraviy iqtisodiy va ekologik hamkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun SPECA Jamgʻarmasini shakllantirish tashabbusi ustida ishlash va aʼzo mamlakatlarda SPECAning samarali faoliyatini tashkil etish uchun Tashkilot Kotibiyatini tashkil etish taklif etildi.

    Tadbirda Oʻzbekiston sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, sanoat hamkorligini kengaytirish boʻyicha qoʻshma dastur qabul qilish, oʻzaro investitsiyalarni ragʻbatlantirish, qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirish dasturini ilgari surish, yirik logistika infratuzilmasi loyihalarini birgalikda amalga oshirish, yagona tariflar va koʻp tomonlama transport preferensiyalarini joriy etish orqali mintaqada transport va tranzit salohiyatini yuksaltirish orqali munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdorligi qayd etildi.

    Tadbir davomida “SPECA hududida barqaror savdo munosabatlari”, “SPECA mamlakatlarida barqaror transport, savdo va turizmga doir sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini qoʻllash”, “Barqaror rivojlanish maqsadlarida investitsiyalarni moliyalashtirishning innovatsion mexanizmlari va vositalari”, “Barqaror rivojlanish uchun ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish: SPECA mintaqasi uchun COVID-19 pandemiyasi va undan keyingi davrda siyosiy muammolar”, “Diqqat markazida Oʻzbekiston: Oʻzbekiston va uning mintaqaviy hamkorlikdagi oʻrniga moʻljallangan tadqiqot va loyihalar taqdimotlarini tashkil etish” mavzularida panel sessiyalari oʻtkazildi.

    Iqtisodiy Forum yakunida pandemiyadan keyingi davrda ekologik toza, sirkulyar va inklyuziv iqtisodiyotni tiklash uchun SPECA hududida transport, savdo barqarorligini va oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash boʻyicha Toshkent bayonoti qabul qilindi.

    Shuningdek, SPECA hududining iqtisodiy jihatdan oʻzaro bogʻliqligini kengaytirish, uni barqaror transport tizimining markazi sifatida shakllanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, ichki savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish, Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishishni jadallashtirish hamda mintaqada barqaror iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlash uchun normalar, standartlar va vositalardan samarali foydalanishga doir tavsiyalar ishlab chiqildi.

    Toshkent shahrida oʻtkazilgan 2021-yildagi SPECA kunlarining yakuniy tadbiri sifatida ushbu Dastur Boshqaruv kengashining oʻn oltinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi. Yigʻilish yakunlari boʻyicha 2022-2023-yillar uchun SPECA Ish rejasi, suv, energetika resurslari va atrof-muhit, barqaror transport, tranzit, savdo, innovatsiya va texnologiyalar, gender va BRM boʻyicha SPECA Ishchi guruhlarining hisobotlari qabul qilindi.

    Boshqaruv kengashi shuningdek, Dastur kun tartibining asosiy yoʻnalishlarini, shu jumladan, Jamgʻarma va SPECA Kotibiyatini tashkil etishni oʻz ichiga olgan oʻndan ortiq muhim qarorlar qabul qildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.