BMTning Markaziy Osiyoda Preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi bilan hamkorlik kuchaytiriladi

    Xalqaro hamkorlik 1 Mart 2024 691

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadzeni qabul qildi.

    Oʻzbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan idoralari, shu jumladan Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi oʻrtasidagi hamkorlikning hozirgi holati muhokama qilinib, kelajakda birgalikda amalga oshiriladigan rejalar koʻrib chiqildi.

    Taʼkidlash lozim, Markaz bilan hamkorlik tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, terrorizmga qarshi kurashish, tinchlikni mustahkamlashda ayollar va yoshlar salohiyatidan foydalanish, nizolarning oldini olish va hal etish, shuningdek, transchegaraviy suv va energiya resurslaridan birgalikda va oqilona foydalanish kabi masalalarni qamrab oladi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston BMT doirasida xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan, barqarorlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilishga amaliy hissa boʻlib qoʻshilayotgan tashabbuslarni ilgari surayotgani alohida taʼkidlandi.

    Mintaqaviy darajadagi muloqot va hamkorlik uchun turli platformalar, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti atigi 3-yil ichida gender tenglikni taʼminlash boʻyicha dolzarb takliflarni ishlab chiqish uchun muhim maydonga aylanganiga, bu borada Markazning faol ishtirokiga toʻxtalib oʻtildi.

    Shu nuqtai nazardan Muloqot doirasida yangi samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Toshkent shahrida doimiy faoliyat yurituvchi Muloqot kotibiyatini ochish masalasini koʻrib chiqish taklifi ilgari surildi.

    Shuningdek, muloqot chogʻida mamlakatimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan yoshlarning salohiyatini roʻyobga chiqarish bilan bogʻliq masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolarining preventiv diplomatiyaning zamonaviy usullari va vositalari haqidagi bilimlarini oshirish boʻyicha Markaz bilan ushbu sohada samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan fikr almashildi.

    Kaxa Imnadze Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining oʻzaro munosabatlari tinchlik va barqarorlikni taʼminlash har jihatdan oʻsishni taʼminlashga xizmat qilayotganiga, bunda Oʻzbekistonning alohida hissasiga toʻxtalib oʻtdi.

    Uchrashuv yakunida mintaqaviy tusdagi qator dolzarb masalalar yuzasidan yaqin va konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.