BMTTDning Yevropa va MDH boʻyicha mintaqaviy direktori bilan hamkorlikning istiqbollarini muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 12 Iyun 2023 1149

    Joriy yil 10-iyunda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi yordamchisi, BMT Taraqqiyot Dasturining Yevropa va MDH boʻyicha mintaqaviy direktori Ivana Jivkovich bilan onlayn shaklda muloqot oʻtkazdi.

    Suhbat chogʻida Oʻzbekiston Respublikasining BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari, jumladan, BMTTD bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari muhokama etildi. Xususan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish, kambagʻallikni qisqartirish, demokratik davlat boshqaruvini mustahkamlash, atrof muhitni muhofaza qilish, bozor iqtisodiyoti va inklyuziv siyosatni takomillashtirish hamda qishloq hududlarini rivojlantirish kabi masalalarga eʼtibor qaratildi.

    Shuningdek, gender masalalari boʻyicha oʻzaro hamkorlikning turli jihatlari, xususan, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, Senatning yangi konstitutsiyaviy rolidan kelib chiqib, BMTTD bilan mahalliy Kengashlarning salohiyatini oshirishga qaratilgan hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

    — Biz BMTTDni asosiy xalqaro hamkor deb bilamiz — deya, taʼkidladi Senat Raisi oʻz soʻzida. — BMTTDning Oʻzbekistonning mintaqaviy va global tashabbuslarini yuqori xalqaro maydonlarda amalga oshirishdagi ishtirokini yuqori baholaymiz. BMTTDning jamiyatda ayollarni qoʻllab-quvvatlash va mamlakatimizda gender tenglikka erishish borasidagi saʼy-harakatlarini qadrlaymiz. Shunga qaramay, oldimizda qonunchilik asoslarini takomillashtirish, samarali metodologiyani ishlab chiqish, gender tenglik sohasida yangi chora-tadbirlarni amalga oshirish kabi hali koʻp ishlar turibdi. Biz ushbu hamkorlikni izchil rivojlantirish uchun birgalikda ishlashga tayyormiz.

    Oʻz navbatida Ivana Jivkovich quyidagilarni qayd etdi. “Oʻzbekiston biz uchun muhim strategik hamkor hisoblanadi va biz aynan mamlakatingiz bilan 30 yildan beri ishlayotganimiz bejiz emas. Oʻzbekistonda xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashish borasida erishilayotgan yuqori natijalardan yaxshi xabarim bor va bu boradagi saʼy-harakatlarni toʻliq qoʻllab-quvvatlayman. Istiqboldagi hamkorlik rejalariga keladigan boʻlsak, gender tenglikni ilgari surish yoʻnalishidagi milliy loyihalarni amalga oshirishda amaliy muloqotni yanada davom ettiramiz. Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalasida esa taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonda boshqa davlatlar uchun namuna qilib koʻrsatadigan ilgʻor natijalar mavjud va mamlakatingiz bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarni yanada kengaytirishga barcha imkoniyatimizni ishga solishga tayyormiz”.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish va muhokama chogʻida eʼtibor qaratilgan yoʻnalishlar boʻyicha loyihalarni kengaytirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.