BNK Financial Group moliyaviy guruhi Oʻzbekiston bilan yaqin hamkorlik qilmoqchi

    Investitsiyalar 8 Iyun 2022 1227

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida BNK Financial Group direktorlar Kengashi aʼzosi, BNK Financial Group ijrochi direktori Li Du-Xo boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Muzokaralar chogʻida kompaniyaning Oʻzbekiston bank-moliya bozoriga kirishiga doir investitsiyaviy rejalari bilan bogʻliq masalalar atroflicha muhokama etildi. Xorijiy tomon kompaniya faoliyati hamda uning xalqaro miqyosdagi ilgʻor tajribasi haqida batafsil maʼlumot berdi.

    Maʼlumot uchun: BNK Financial Group kompaniyasi “Busan Bank”, “Kyongnam Bank”, “BNK Capital” va boshqa moliyaviy kompaniyalardan 2011-yilda Pusan shahri (Janubiy Koreya) da tashkil topgan moliyaviy guruhdir. BNK Financial Group Janubiy Koreyada 379 ta filial va 114 ta boʻlim, shuningdek chet elda 28 ta filial va 3 ta vakolatxonaga ega. BNK Financial Group aktivlari 100 milliard dollardan oshadi.

    Uchrashuv chogʻida ikkala tomon manfaatlaridan kelib chiqqan holda, mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy investorlar huquqlarini mustahkam himoya qiluvchi Oʻzbekiston Qonunchilik bazasini batafsil muhokama qilishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Muzokaralar yakunida tomonlar bir qator qoʻshimcha uchrashuvlar oʻtkazishga kelishib oldilar. Ularning maqsadi Janubiy Koreyaning moliyaviy guruhi bilan konstruktiv muloqot olib borib, uning Oʻzbekiston bozoriga kirishiga yordam berishdir. Buning uchun birgalikda olib boriladigan tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.