Xalqimizning ulugʻ farzandi Bobur dunyo olimlari nigohida Temuriy shahzoda, buyuk imperiya asoschisi – podshoh, shahanshoh, dilbar shaxsdir. Shuningdek, sohib devon shoir, tarixchi, geograf, yirik nazariyotchi olim, adabiyotshunos sifatida nozik did, qattiq qoʻl tanqidchi, yangi yozuv kashfiyotchisi va tarjimon kabi qator fazilatlar egasi. Undan tashqari jahoniy shuhratga ega boʻlgan qomusiy “Boburnoma” asari bunyodkori hamdir.
“Boburnoma” shubhasiz, buyuk asar boʻlib, unda 1494-1529-yillari Markaziy va Kichik Osiyoda, Yaqin va Oʻrta sharq mamlakatlarida kechgan voqealar real va xolis bayon etilgan. Asar qimmatini oshiradigan jihatlardan yana biri unda bir yarim mingdan ziyod shaxslar nomi zikr etilgan boʻlsa, shundan yetti yuz nafarga yaqini shohlar, hokimlar, amir-amaldorlar, din ulamolari, ilm-fan, sanʼat va adabiyot ahillari, dehqonlar, hunarmand va boshqa kasb egalardir. Bu shoh asarda, ayniqsa, ilm-fan, sanʼat va adabiyot ahillariga katta oʻrin berilgani alohida eʼtiborga molik.
Xullas, bu memuar asarning ilm-fan sohasidagi oʻrni benazir. Jahonda bu tarixiy shaxs va uning shoh asari haqida oʻttizdan ortiq romanlar, yuzlab hikoya va esselar yozilgan, yana koʻplab tarixiy-ilmiy asarlar, doktorlik dissertatsiyalari, qator kino-filmlar yaratilgan. Mazmun va qamrov jihatidan keng boʻlgan bu ishlar bugun ham yuqori surʼatlarda davom ettirilmoqda.
Darhaqiqat, “Boburnoma” muallifiga katta sharaf keltirgan, dunyoda oʻxshashi yoʻq asar. U fanning turli sohalarini qamrab oluvchi takrori yoʻq tarixiy manba. Shu bois ham uni dunyo olimlari mana necha asrlarkim katta qiziqish va oʻziga xos qunt bilan oʻqib oʻrganib kelishadi. Asar shu kunga qadar yigirmadan ortiq tilga tarjima qilingan boʻlib, ularning har biri turli yillarda qayta va qayta chop etilgan. Undan tashqari, shoirning boshqa asarlari haqida ham minglab ilmiy asarlar yozilgan.
Buyuk imperiya asoschisi Bobur Mirzoning boy adabiy-ilmiy merosining nechogʻli buyuk ekanligini Sharq va Gʻarb olimlari tomonidan bildirilib kelinayotgan fikrlardan ham bilish mumkin. Ular Boburning insoniy fazilatlarini, shuningdek, uning yirik lashkarboshi, hayot qiyinchiliklaridan qoʻrqmaydigan sarkarda, ilm-fan va sanʼatni sevadigan, ijod ahlini qadrlovchi olijanob shaxs ekanini chuqur hurmat bilan tilga olishadi. Jumladan, shotlandiyalik davlat arbobi va tarixchi Maunstyuart Elfinston (1779-1859) “Boburnoma”ni “Osiyoda yagona, chinakam tarixiy tasvir namunasi” deb baholasa, rus sharqshunos olimi Sankpeterburg akademiyasi akademigi Vasiliy Vladimirovich Bartold (1868-1903) “Turkiy nasrning mumtoz realistik namunasi” deb taʼriflaydi. Mashhur Mojor sharqshunos va tilshunos olimi Herman Vamberi (1832-1913) “Boburnoma”ni Yuliy Sezar “Kommentariyalar”iga qiyoslar ekan, bu asar undan-da koʻngilga yaqinroq ekanligini keltiradi. Bunday yuksak taʼrifu eʼtiroflarni yana uzoq davom ettirish mumkin.
“Boburnoma”ning dunyo tillariga qilingan tarjimalari tarixiga eʼtibor qaratsak, bu shoh asarni ilk bor fors tiliga Shayx Zayn oʻgirgan boʻlsa, undan soʻng Mirzo Poyanda va Muhammad Quli Hisoriy (1586), Abdurahim Xonixonon (1589), Togʻay Murod Qarluq Xatloniy tarjima qilishgan. Vitsen golland tiliga (1705), J.Leyden, V.Erskin (1826), R.M.Koldekot (1844), F.Tolbot (1909), L. King (1921), A.Beverij (1922), V.Tekston (1996, 2002) ingliz tiliga, A.Kayzir (1828), V.Stamler (1990) nemis tiliga, P.D.Kruteyl (1871), B.Grammon (1969) fransuz tiliga, R.R.Arat (1943-1946) turk tiliga, M.A.Salye (1948, 1958) rus tiliga, M.Nosiriddin (1924), R.Axtar Nadviy (1969), Hasan Bek (2000) urdu tiliga, Yu.Navalpuriy (1974) hindchaga, B.Kojabekov (1990) va I.Jeminiy (2022) qozoqchaga, H.Temur (1992) uygʻurchaga, V.Jilay (1997) xitoy tiliga, E.Mano (1998) yapon tiliga, M. Komas (2001) ispanchaga, M.Maxluf (2013) arab tiliga, Sh.Yorqin (2007) fors-dariy tiliga, F.Bayatiy(2009) va R.Askar (2011) ozarbayjon tiliga tarjima qilishgan. Qoʻlyozma faksimili nashrlarini dastlab, Qozonda N.I.Ilminskiy (1857) va Londonda Beverij xonim (1905) nashr etirgan. Oʻzbekistonda dastlab jadid alloma Fitrat (1928) ayrim parchalar eʼlon qilgan.
Shuni alohida faxr bilan qayd etish joizki, keyingi yillarda dunyoda bu bebaho asarga boʻlgan qiziqish yanada ortmoqda. Uning yangi tarjima nashrlari bunyod etilib, mavjudlari qayta va qayta chop etilmoqda. Masalan, ushbu muhtasham asarni oʻtgan yili qozogʻistonlik olim Islom Jemeney qozoqchada navbatdagi tarjimasini yaratib, Olmaotadagi “Nurli olam” nashriyotida chop ettirgan boʻlsa, yaqinda italiyalik sharqshunos olim Federiko Pastore tomonidan italyan tiliga ilk bor tarjima qilinib kitobxonlar eʼtiboriga havola qilindi.
Bir soʻz bilan aytganda, bugun nafaqat mamlakatimizda, balki jahonning koʻplab davlatlarida buyuk ajdodlarimiz merosiga qaratilayotgan eʼtibor, ulardan qolgan boy ilmiy-adabiy merosni tadqiq etish har qachongidan-da dolzarb ahamiyatga ega. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Boisi, bu yil nafaqat Oʻzbekistonda, balki dunyoning koʻplab mamlakatlarida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540-yilligi keng nishonlanmoqda. Binobarin, “Boburnoma”ning italyancha tarjimasi ham ushbu xayrli ishlarning amaldagi mantiqiy davomi va natijasi desak xato boʻlmaydi. Ushbu tarjima oʻzbek va italyan xalqlari oʻrtasidagi adabiy va madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalarining samarasi ularoq birinchi bor italyan oʻquvchilariga taqdim etilmoqda.
Italiyaning tarixiy ilmiy-ommabop adabiyotlarga ixtisoslashgan yetakchi nashriyotlaridan biri “Sandro Teti Editore” nashriyot uyida yuqori poligrafik sifatda chop etilgan “Boburnoma” tarjimasi yurtboshimizning kirish soʻzi va tarixchi, atoqli italyan olimi va adibi Franko Kardini soʻzboshisi bilan boshlanadi(3-9 bet). Undan soʻng tarjimada (asosiy matn) I boʻlim – Fargʻona voqealari (13-132 bet), II – Kobul voqealari (135-280 bet), III boʻlim – Hindiston voqealari (283-449 bet) Lugʻat (442-445 bet) hamda tarjima xususiyatlari muallif eslatmasi – Soʻngsoʻzi (446-447) oʻrin olgan. Tarjimonning birinchi sahifasida Oʻzbekiston xalq rassomi Malik Nabiyev tomonidan chizgan Bobur porteriti aks etgan.
Asarni italyan tilida nashr etish jarayonlariga mazkur nashriyot rahbari Sandro Teti boshchiligidagi malakali tarjimonlar, muharrirlar va dizaynerlarning katta guruhi jalb etilgan. Kitobni tayyorlashda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor Shuhrat Sirojiddinov va italiyalik taniqli turkolog, professor Federiko De Rensi ilmiy va adabiy muharrirlar sifatida ishtirok etgan.
Italiyaliklar oʻrta asr oxiri, renessans vakili Nikkolo Makyavellining “Davlat toʻgʻrisida” nomli risolasini zamonaviy siyosatni oʻqitishda muhim qoʻllanma sifatida qadrlaydi. Oʻylaymizki, endi mana shu asar yoniga “Boburnoma” ham eʼzozlanib oʻqib oʻrganiladi. Sababi unda Temuriylar davri madaniyati, davlatchiligi toʻgʻrisida muhim maʼlumotlar bor. Zero, F.Kardini Bobur “Soʻz sanʼatiga mehr qoʻygan buyuk hukmdor yoxud saltanatni sevgan buyuk adib”, deya bejiz aytmagan. Olim bunday qarorga kelishining oʻziga xos sabablarini ilmiy-tarixiy aniq maʼlumotlar asosida izohlashga harakat qiladi.
“Boburnoma”ning mazkur italyancha tarjimasiga amerikalik sharqshunos olim V.M.Tekston tomonidan amalga oshirilgan inglizcha nashr [The Baburnama. Memories of Babur, 1996] asos qilib olingan boʻlib, tarjimon fikriga koʻra, u Bobur Mirzo yodnomalarining barcha xususiyatlarini imkon qadar saqlab qolgan. Garchand “Boburnoma”ning A.Beverij tomonidan tayyorlangan inglizcha tarjimasi [London, 1922] koʻplab xorijiy tillardagi nashrlar uchun asos vazifasini bajargan boʻlsa-da, V.M.Tekston tarjimasi mukammallik jihatdan undan farq qiladi. Shu bois italyancha tarjimaga S.Beverijning tarjimasidan roppa-rosa 75 yildan keyin, 1996-yilda professor Vilyer Tekston tomonidan uchinchi bor yaratilgan “Boburnoma”ning mukammal inglizcha tarjimasi asos qilib olinadi.
“Boburnoma”ning italyancha tarjimasi bilan tanishar ekansiz, tarjimon zarur oʻrinlarda baʼzi soʻz va terminlarga izohlar va qoʻshimcha maʼlumotlar berib borganiga, undan tashqari boburiylar davriga oid 96 ta badiiy miniatyuralardan foydalanganiga guvoh boʻlasiz. Nazarimizda, ushbu xususiyat tarjimaning nafaqat mazmun-mohiyati balki noyob rasmlari bilan ham juda qimmatli ekanligini belgilaydi. Keltirilgan bu suvratlar oʻsha zamon uchun tarixiy, geografik, etimologik omillarni toʻliq hisobga olgan holda, kitob qahramonlarining xarakterlari va ichki dunyosini haqiqiy, realistik tarzda ochib berishga xizmat qiladi. Masalan, ularda Hindistonning hayvonot va oʻsimliklar dunyosi, ziyofat, ov, turmush manzaralari, tarixiy voqealar yorqin va ishonarli tasvirlangan miniatyuralar aks etadi va ular tarjimaning turli sahafalariga joylashtirilgani bilan ahamiyat kasb etadi. Bir soʻz bilan aytganda, mashhur moʻjaz rasmlar ranglar palitrasi, nafis bezaklari va teran maʼnosi bilan ajralib turadi.
F.Pastore kitob soʻnggida yozgan sharhida “Boburnoma” “oʻz davrining kundalik hayotini qayta tiklashga imkon beradigan, islom tamadduniga xos avtobiografik asarning ilk rostgoʻy namunasi” ekaniga alohida urgʻu beradi. Bu bekorga emas. Zero, Bobur hazratlari oʻzining bu hayotnomasidagi “har bir soʻzi rost yozilishini” maqsad qilib qoʻyganini taʼkidlab oʻtgan. Ehtimol, tarjimon buyuk mutafakkirning shu aytgan aqidasidan kelib chiqib xulosa qilgan boʻlsa ajab emas.
Yana bir jihat. Aslini olib qaraganda, Oʻzbekiston va boqiy Rim shaharlari oʻrtasidagi oʻzaro ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hamkorlik aloqalari qariyb ikki ming yillik tarixga ega hisoblanadi. Bu jarayonda ikki mintaqani birlashtirib, oʻzaro savdo-sotiq aloqalarini rivojlanishida Buyuk ipak yoʻlining ahamiyati katta boʻlgan. Masalan, koʻhna Maroqand shoyisi aynan shu yoʻl orqali Rim imperiyasi hududlarigacha yetib borib, dovrugʻ qozonganligi manbalarda qayd etilgan. Tarixda uzoq hukm surgan Rim va boburiylar imperiyasi koʻpgina xususiyatlariga koʻra, dunyo davlatchiligi tarixida oʻziga xos mavqega egaligi bilan ajralib turadi. Italiyalik mashhur olim va adib F.Kardini soʻzboshida ayni shu buyuk tarix va Turon zaminining betakror va salobatiga urgʻu qaratadi.
Italiyalik tarixchi, oʻrta asrlar boʻyicha yirik mutaxassis, 1940-yilda Florensiyada tugʻilgan F.Kardini Rim va boshqa davlatlar tarixining yetuk bilimdoni hisoblanadi. Ayniqsa, salib yurishlari va oʻrta asrlardagi boshqa turli tarixiy voqealarga oid, shuningdek, diniy-maʼrifiy, ayniqsa, islomshunoslikka oid monografiya va tadqiqotlarini dunyo ilmiy jamoatchiligi yaxshi bilishadi. U “Boburnoma” tarjimasi soʻzboshida Oʻrta Osiyo tarixi, Bobur va boburiylar sulolasi faoliyati, uning butun jahon davlatchilik tarixidagi beqiyos oʻrni borasidagi “iqrorlari”ni koʻplab misollar orqali dalillaydi. Olim nazarida Oʻzbekiston zamini qadimdan dunyoga juda koʻp buyuklarni yetishtirib bergan diyor. Bu xalq jahon tamadduni rivojiga katta hissa qoʻshgan, ayniqsa, ilm-fan sohalarida koʻplab haqiqatlarni isbotlab bergan zamindir.
F.Kardiniga koʻra tarix ibrat koʻzgusi, buyuk mualllim, ilm, maʼnaviyat va tarbiyadir. Shu bois ham u oʻz fikrlarini boburona uslubda, yaʼni roʻy-rost, ochiq-oydin ruhda bayon etadi. Tarix, oʻtmishdan saboq olish, undagi xatoliklarni takrorlamaslikka, dunyoga maʼnaviyat va maʼrifat ulashgan xalqlar va ularning buyuk ajdodlariga hurmatda boʻlishga chaqiradi. Hindistondagi “oʻzga Renessans izlari” va unga buyuk Rim – Italiyada boʻlgan munosabat xususida toʻxtalar ekan, u oʻz xalqining shu paytga qadar Hindiston va Turon zamindagi millatlarga past nazar bilan qarashganini, aksar holatlarda ularga nohaq zulm qilinganini, oʻzga xalqlarga faqat boylik manbasi sifatida koʻrilgani va bu katta xato boʻlganligini afsus bilan yozadi: “Biz hatto oʻz jinoyatlarimizni tezroq yashirish va oʻzimizni oqlash uchun “tarixi yoʻq xalqlar” degan soxta tushunchani oʻylab topdik. Holbuki, biz ushbu millatlardan zoʻrlik bilan tortib olgan boyliklar aslida ularning haqiqiy, asl va nihoyatda behisob xazinalarining yuzaki, tashqi bir qismi edi, xolos”.
Italiyaning mashhur yozuvchilari Dante Aligerining “Ilohiy komediya”, Bakkachoning “Dekameron”, Petrarka va Vergiliyning sonetlari, Djani Rodarini ertaklari allaqachon jahon durdonalari safiga qoʻshilgan. Jumladan, bu asarlarni oʻzbek kitobxonlariga tarjima qilib yetkazilganligi ikki mintaqa adabiyoti bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berib, xalqlarni yaqinlashtirishda muhim rol oʻynaydi. Shu bois, qadimda Sharq madaniyatining oʻchogʻi boʻlgan Oʻzbekiston bilan bu boradagi aloqalar ilm-fan va madaniyat sohasida ancha ilgari boshlanib ketgan. Bizningcha, qomusiy asar “Boburnoma”ning italyancha ushbu tarjimasi ham shunday ulugʻ maqsadga xizmat qiladi. Bu oʻzbek va italyan xalqi oʻrtasidagi azaliy hamkorlikning bugungi kundagi koʻrinishi, ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro ilmiy-tarixiy va madaniy aloqalarning yangi bosqichga chiqayotganligining yaqqol ifodasidir. Barchamizga “Boburnoma”ning ushbu tarjimasi muborak boʻlsin!
Shuhrat HAYITOV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori