Oʻtgan qisqa davr mobaynida mamlakatimizda maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirishning muhim asoslari shakllantirildi. Mazkur tarixiy jarayon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-sentyabrdagi “Maktabgacha taʼlim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni va “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etilishidan boshlandi. Shu bilan birga, tizimning huquqiy asoslari yaratilib, vazirlik oldida turgan ustuvor vazifalar aniq belgilab berildi.
Maʼlumki, maktabgacha taʼlim uzluksiz taʼlim tizimining boshlangʻich boʻgʻini boʻlib, bolaning sogʻlom va mustaqil fikrini shakllantirish, qobiliyatini roʻyobga chiqarish hamda bilim olishga intilishini rivojlantirish kabi maqsadlar yoʻlida ish olib boradi. Vazirlik faoliyati yoʻlga qoʻyilgandan soʻng qisqa fursatda tizimni samarali tashkil qilish maqsadida 76 ta qator normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Mamlakatimizda 3–7 yoshli bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yillar hisobiga nazar tashlasak, 2017-yilda qamrov 27,7 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2018-yili 37,7 foiz, 2019-yili 52,3 foiz, 2020-yili 60,9 foiz, 2021-yilning iyun oyi holatiga koʻra esa 62,4 foizga yetganini koʻrish mumkin. Bu koʻrsatkich yildan yilga ortib boryapti. Qolaversa, 2019-yil 8-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga muvofiq, 2030-yilga borib maktabgacha taʼlimga bolalarning 80,8 foizini qamrab olish rejalashtirilgan.
Shu oʻrinda bugungi kunda yurtimizning barcha hududida maktabgacha taʼlim tashkilotlari koʻpayayotganini aytish oʻrinli. 2017-yilda mamlakatimizda 5 ming 211 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud boʻlgan boʻlsa, hozir bu koʻrsatkich 18 ming 254 taga yetgani quvonarli holdir.
2021-yilda 3–7 yoshli bolalarning maktabgacha taʼlimga qamrovini 65 foizga yetkazish belgilangan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi “Bolalarni boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2025-yilda 6 yoshdagi bolalarni maktabgacha majburiy tayyorgarlik guruhlariga 100 foiz qamrab olish rejalashtirilgan.
Aytish joizki, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-dekabrdagi “Bolalarni boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlashga bosqichma-bosqich oʻtish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi 2018-2019 oʻquv yili davomida bolalarni boshlangʻich taʼlimga majburiy bepul bir yillik tayyorlashni joriy etish boʻyicha dastlabki loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Ayniqsa, dastlabki loyiha doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona viloyati hamda Toshkent shahridagi tuman va shaharlarda tashkil etilgan 494 ta guruhdagi 11 ming 103 nafar bola yillik majburiy tayyorgarlikdan oʻtkazilgani bu kabi saʼy-harakatlarning ijobiy mahsulidir.
Bugungi kunda vazirlik maktabgacha taʼlim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalda joriy etish, oʻquv jarayonida innovatsion pedagogik texnologiyalar qoʻllash, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish, ularni oʻquv-uslubiy, didaktik materiallar bilan taʼminlash hamda pedagog xodimlarning malakasini oshirish boʻyicha muhim maqsad va vazifalarni bajarib kelmoqda. Shuningdek, mazkur sohada mavjud boʻlgan xizmatlarni koʻrsatishda moslashuvchanlikni taʼminlash, byudjet mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida maktabgacha taʼlimning turli muqobil shakllarini joriy etish boʻyicha samarali ishlarni bajarmoqda.
Muhim oʻzgarishlardan yana biri shuki, davlat-xususiy sheriklik doirasida oilaviy bogʻchalar shaklida oʻqitishning muqobil modeli amalga oshirildi. Mamlakatimiz boʻylab maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qisqa muddatli, yaʼni toʻliq kunga moʻljallanmagan guruhlar kabi taʼlimning muqobil shakli joriy etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama hamkorlik faol rivojlantirilmoqda. Chunki xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa bolalarimizni jahon standartlariga mos taʼlim jarayonlari asosida qamrab olishga, ularni har tomonlama — jismonan va maʼnan yetuk insonlar etib tarbiyalashga, xorijiy davlatlarning tajribasini oʻzlashtirishga qulay imkoniyat yaratadi.
2017-yildan buyon chet ellik hamkorlar bilan yurtimizda maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirishga qaratilgan 60 dan ortiq oʻzaro anglashuv memorandumi va doiraviy bitimlar imzolandi. Qolaversa, vazirlik sohada Koreya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya, Singapur, Turkiya, Polsha va boshqa mamlakatlar, shuningdek, Jahon banki guruhi, YUNISEF, YUNESKO, KOICA, JICA, TIKA, YEXHT, Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi, “Rossotrudnichestvo” kabi xalqaro tashkilotlar hamda moliya institutlari bilan oʻzaro hamkorlik qilib kelmoqda.
Shu oʻrinda ular bilan birga maktabgacha taʼlimga innovatsion yondashuvlarni joriy etish, taʼlim olishga alohida ehtiyoji boʻlgan bolalar uchun maktabgacha taʼlim olishda teng imkoniyat yaratish, taʼlim-tarbiya jarayoni sifatini oshirish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash borasidagi qator yirik loyihalar amalga oshirilganini taʼkidlash joiz.
Hozir maktabgacha taʼlimning muqobil shakllarini joriy etish rejasi ishlab chiqilgan boʻlib, unga koʻra, 2020-yilda BMTning YUNISEF xalqaro bolalar jamgʻarmasi bilan birgalikda maktabgacha taʼlimning muqobil shakllarini sinovdan oʻtkazish rejalashtirilgan. Namangan viloyatining Koson, Toʻraqoʻrgʻon, Chust va Norin tumanlari hamda Xorazm viloyatining Bogʻot va Qoʻshkoʻpir tumanlarida maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalar guruhlarining oʻyin jamoalarini sinovdan oʻtkazish istiqbolli rejaga kiritilgan.
Bundan tashqari, dastur doirasida turli yosh guruhlari bilan ishlash boʻyicha qator treninglar oʻtkazish nazarda tutilgan. Jahon banki bilan birga 2020-yildan boshlab amalga oshirilayotgan “Bolalarning erta rivojlanishini takomillashtirish” loyihasi doirasida maktabgacha taʼlimning turli muqobil shakllari, jumladan, yurtimizning chekka hududida yashovchi 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarga eʼtibor qaratgan holda “uyga tashrif”, maxsus taʼlimga ehtiyojmand bolalar uchun “erta rivojlantirish markazlari”ni sinovdan oʻtkazish nazarda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasining “Mobil guruhlar bazasida maktabgacha taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, yurtimizning barcha hududida ISUZU rusumli qayta jihozlangan avtobuslar negizida “Aqlvoy” nomli mobil maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Dastlabki loyiha sifatida “Oʻzavtosanoat” AK koʻmagida 16 ta avtobus tashkil etilib, ular yurtimizning barcha hududini qamrab oldi. Bundan tashqari, xavfsizlikni taʼminlash va mobil guruhlar tarbiyalanuvchilari oʻynashi uchun sharoit yaratish maqsadida barcha zarur buyumlar hamda didaktik materiallar bilan jihozlangan 44 ta oʻyin maydonchasi qurildi.
Tajriba loyihasida avval maktabgacha taʼlimga qamrab olinmagan va asosan mamlakatimizning borish qiyin boʻlgan chekka hududida yashovchi 1 ming 556 nafar bola qamrab olinganini aytish darkor. Bunday turdagi muqobil innovatsion shakllar aholiga taqdim etilayotgan maktabgacha taʼlim va tarbiya xizmatlarining sifati hamda jozibadorligi oshishiga zamin yaratyapti.
“Aqlvoy” mobil bolalar bogʻchalari loyihasi boʻyicha har bir bolaga bitta oʻrin tashkil etish uchun taxminan 7,7 million soʻm mablagʻ sarflangan holda bir necha smenada mashgʻulotlar oʻtkazish mumkin. Har bir avtobus 3 ta mahallada harakatlana oladi. Odatdagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotini qurish va jihozlash ishlari uchun qilinadigan sarf-xarajat taqsimlanganda har bir bolaga 44 million soʻmdan toʻgʻri keladi. Yaʼni “Aqlvoy” mobil bolalar bogʻchalari xarajat borasida ham tejamkorlikka ega.
Yurtimizning chekka hududida qayta jihozlangan ISUZU avtobuslari negizida mobil maktabgacha taʼlim tashkilotlarini joriy etishni davom ettirish boʻyicha taklif ishlab chiqildi. Jumladan, 2021-yilda chekka hududlar uchun 49 ta ISUZU rusumli avtobus foydalanishga topshirilib, 98 ta yangi maydoncha qurildi.
Buyuk mutafakkir Abdulla Avloniy bolani bejiz idishda turgan suvga qiyoslamagan. Suv qaysi rang va qanday hajmdagi idishda turganiga qarab, xuddi shu tusda tovlanadi. Bu haqiqat hozirga qadar oʻz mohiyatini saqlab kelmoqda. Zero, eʼtibor tufayli bolalarning kelajak poydevori mustahkam quriladi. Ularning murgʻak qalbidagi olam-olam goʻzal orzularga qanot boʻlamiz. Zotan, maktabgacha taʼlim tizimiga qamrovni yanada kengaytirish, bolalarga sifatli taʼlim-tarbiya berish asosiy vazifamizdir.