Safardan maqsad – urugʻchilik, koʻchatchilik va agronomlik boʻyicha yetakchi kompaniyalar tajribasi bilan tanishish, bilim almashish va malaka oshirish. Tashrifning dastlabki kunida Oʻzbekiston delegatsiyasi Andalusiya provinsiyasining Kordova shahrida joylashgan Yevrosemilyas kompaniyasida boʻlishdi. Mazkur korxona urugʻchilik, koʻchatchilik va soha uchun mutaxassislar yetishtirishda ilgʻor hisoblanadi.

Yevrosemilyas kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv davomida mamlakatimizda korxona tajribasi asosida mandarin, zaytun, pista koʻchatlarini yetishtirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Oʻz navbatida agronomlar malakasini oshirish boʻyicha memorandum imzolandi. Korxona rahbari Xose Mariya Fontan yaqin kunlarda Oʻzbekistonga tashrif buyurishini maʼlum qildi. Delegatsiya aʼzolari shuningdek, zaytun, mandarin, pista yetishtiriluvchi bogʻlarda boʻlib, oʻziga xos texnologiya, ish usuli, koʻchatchilik borasidagi yangicha yondashuvlar bilan yaqindan tanishdi. Vakillarimiz mandarinning sovuqqa chidamli navini Oʻzbekistonda 5 gektar yer maydonida tajriba tariqasida ekishni rejalashtirmoqda.

Mamlakatimiz vakillari Granada viloyatining Fuyenta Vakereos qishlogʻidagi sparja (sarsabil) yetishtirish boʻyicha Yevropaning yetakchi korxonasi – Yesparrago de granada korxonasida boʻlishdi. Korxona rahbari Alipio Arciniega Lopez muloqot mobaynida bu mahsulotni Oʻzbekiston sharoitida yetishtirish mumkinligini taʼkidlab, sparja yetishtirish texnologiyasini oʻzbek hamkasblariga berishini va ispanlar tayyor mahsulotning hammasini sotib olishga tayyorligini maʼlum qildi. Mutaxassislarning qayd etishicha, sparjaning dunyo bozoridagi ulgurji narxi – 2 yevro. Yaqin kunlarda bu mahsulotning urugʻini yurtimizga olib kelib, tajriba sifatida 1 gektar yer maydoniga ekish rejalashtirilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida: sparja – toʻqaylarda oʻsadigan dorivor oʻsimlik. Yevropaning markaziy va janubiy qismida, Kavkazorti va shimoliy Kavkazda keng tarqalgan. Sabzavot sifatida ekiladi, uning yosh novdalari ovqatga solinadi. Tarkibida oqsil, uglevod, B, B2, PP vitaminlari mavjud. Sarsabil ekilgan maydonlardan 15 yilgacha gektaridan 30-35 sentnergacha hosil olish mumkin. Sarsabil asparagus nomi bilan manzarali oʻsimlik sifatida ham oʻstiriladi.