Oʻtgan yilning oktyabr oyida mahalla hududida 18 nafar imkoniyati cheklangan fuqaro hamda ehtiyojmand oilalarga 24 xonadondan iborat 4 qavatli uy-joylar foydalanishga topshirilgan edi.
Kuni kecha ushbu koʻp qavatli uyda yashovchi yurtdoshlarimizga sayyor davlat xizmatlarini koʻrsatish maqsadida Davlat xizmatlari Agentligi viloyat boshqarmasining maxsus jihozlangan avtobusi keldi.
Xizmat koʻrsatish oldidan Davlat xizmatlari markazlari xodimlari tomonidan xalqni rozi qilish uchun qilinayotgan ishlar, yaratilayotgan qulayliklar, markaz tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar haqida tushunchalar, savollarga javoblar berildi.
Tadbir davomida fuqarolarga 30dan ortiq STIR olish va aniqlash, koʻchmas mulklarga nisbatan kadastr pasportlarini shakllantirish, mulklarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish kabi davlat xizmatlari koʻrsatildi.
— Yosh bolalarim borligi sababli bitta INN olish uchun deyarli bir-ikki haftadan buyon tuman markaziga tushib kelishga imkoniyat qilolmayotgandim, — deydi Gulbahor Yuldashev. — Bugun Davlat xizmatlari markazi xodimlarining kelganini eshitib, shuni aytgandim bir pastda hal qilib berishdi. Ham vaqtdan, ham naqddan tejadim. Boʻlarkanu, shunaqa ishlasa ham.
— Shunday paytlar boʻlganki, birgina uyni kadastr qildirish uchun oylab, hattoki yillab sarson boʻlganmiz. Tashkilotma tashkilot birovlarning ortidan yugurib, yalinib, ustiga ustak qoʻshimcha pul berib ishimizni bitkazardik. Oʻshanda ham bitsaku mayli, bitmasa vaqtimizga ham, pulimizga ham quyib qolardik. Bunday holatlar uzoq emas uch-toʻrt yil avval ham boʻlib turardi. Zamonning zaylini qarangki, bugun davlat idoralari oʻzi uyimizni oldiga ishimizni hal qilib berish uchun kelib turibdi. Mana shunday tizimni yoʻlga qoʻyganlarga rahmat, baraka topishsin, — deydi Muxtasarxon Arziqulova.