Davlat xavfsizlik xizmati Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi katta tezkor xodimi fuqarodan noqonuniy ravishda 400 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, ushbu shaxs xizmat mavqeyidan foydalanib, Termiz tumanida yashovchi fuqaroning 20 ming AQSH dollarini deklaratsiya hujjatlarini rasmiylashtirmasdan, tanishlari orqali “Sariosiyo” chegara bojxona posti orqali Tojikiston Respublikasiga oʻtkazib berishni vaʼda qilgan. Hozirda unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 25, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Shuningdek, DXX Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda viloyat tumanlaridan birining Kadastr boʻlimi boshligʻi mahalliy fuqarodan oziq-ovqat doʻkonining tashqi qismiga qurilgan bostirma uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 5 million soʻm talab qilib, 3 million soʻm olgan vaqtida ushlandi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Yana bir holatda, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Energosavdo” filiali Namangan boʻlinmasi Kosonsoy tumani yuriskonsulti mahalliy fuqarodan 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida qoʻlga olindi. U reyd tadbirlari davomida aniqlangan elektr tarmogʻiga noqonuniy ulanish holati boʻyicha 28,6 million soʻm jarimani elektron tizimga kiritmasdan bartaraf etishni vaʼda qilgani maʼlum boʻldi. Ushbu holat yuzasidan ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.








