Bojxona brokeri hamda xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini yetkazib berish faoliyati takomillashtiriladi

    Joriy yil 28-mayda Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.

    Unda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga bojxona brokeri faoliyatini hamda xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini yetkazib berish boʻyicha faoliyatni takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama etildi.

    Keyingi yillarda bojxona maʼmuriyatchiligini yangi bosqichga olib chiqish, bojxona va yuk operatsiyalarini raqamli transformatsiya qilish orqali inson omilini keskin qisqartirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirib kelinyapti.

    Shu bilan birga, xalqaro kuryerlik xizmatlari bozori kun sayin rivojlanib boryapti hamda isteʼmolchilarning hozirgi talablariga moslashishda keng imkoniyatlar yaratish zarurati paydo boʻldi.

    Tahlillarga koʻra, 2021–2023-yillar davomida xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari orqali kirib kelgan joʻnatmalarda 1 ming 723 ta holatda bojxona qonunbuzilishi holatlari aniqlangan.

    Shuningdek, bojxona brokeri faoliyatni olib borish uchun ruxsatnoma berish tartibi 2018-yilda bekor boʻlgandan soʻng, import va eksport faoliyati hujjatlarini rasmiylashtirishda yetarli malakaga ega boʻlmagan mutaxassislar (ixtiyoriy shaxslar) tomonidan bojxona deklaratsiyalarini xato toʻldirishlari oqibatida, bojxona toʻlovlarini notoʻgʻri undirish holatlari koʻplab uchrayapti.

    Qonun bilan bojxona brokeri va xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini yetkazib berish boʻyicha faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi belgilanyapti.

    Yaʼni vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari qatoriga qoʻshimcha ravishda bojxona brokeri sifatida faoliyatni amalga oshirish va xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini yetkazib berish faoliyati kiritilyapti.

    Vakolatli organni xabardor etmasdan faoliyatni amalga oshirganlik, shuningdek xabardor qilish tartibida faoliyat yuritish uchun belgilangan talablar va shartlarning bajarilganligi yuzasidan vakolatli organga yolgʻon yoki notoʻgʻri maʼlumotlar berganlik uchun esa jarimalar belgilanyapti.

    Muhokamadan soʻng Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.