Tadbir avvalida bojxona posti boshligʻi Sh.Bakiyev 2022-yilning dastlabki choragida amalga oshirilgan ishlar, bojxona postida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va kelgusida bojxona tizimini korrupsiyadan holi tizimga aylantirish boʻyicha amalga oshirish lozim boʻlgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Tadbirda bojxona postida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiya va unga imkon berayotgan omillarni vaqtida aniqlash va unga oʻz vaqtida chek qoʻyish dolzarb vazifa ekanligi, korrupsiyaga qarshi kurashishda eng avvalo har bir bojxona xodimida halollik immunitetini oshirib va bu bilan korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga murosasiz kurashish lozimligi, Davlatimiz rahbariyati tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoitlarga xodimlar oʻzining Vatanga sadoqati hamda halol va pok mehnati bilan javob qaytarishi lozimligi taʼkidlandi.
Shu oʻrinda, bojxona tizimida xodimlarga qulay shart-sharoitlar yaratish, kadrlar potensialini mustahkamlash, bojxona xodimlarining ijtimoiy himoyasi borasida amalga oshirilayotgan katta islohotlarga, ayrim nopok bojxona xodimlari tomonidan yaratilayotgan sharoitlarga shukronalik keltirmay taʼmagirlik, mansab vakolati doirasidan chetga chiqishlik kabi salbiy holatlarga yoʻl qoʻyilayotganligi achinarli hol ekanligi, bu esa tizimning obroʻsiga jiddiy putur yetkazishi, bugungi kunda bojxona xodimlarini nopok yoʻllarga kirib qolmasligi va bunday holatlarni oldini olishda barcha xodimlar birdek maʼsul ekanligi aytib oʻtildi.
Tadbir soʻngida, Sh.Bakiyev bojxona posti sohani korrupsiyadan holi tizimga aylantirishda barcha chora-tadbirlarni koʻrib borishini, shuningdek, xodimlar oʻz xizmat vazifalarini sidqidildan bajarishlari, doimiy ravishda oʻz ustida ishlab, bilim saviyasini va tajribalarini oshirib borishlari lozimligi, atrofidagi hamkasbining har bir noodatiy xatti-harakatlariga befarq boʻlmasliklari, ana shunday holatlar kuzatilganda bevosita post hamda boshqarma rahbariyatini xabardor qilishlari lozimligi taʼkidlab oʻtdi.
Xulosa oʻrnida shuni aytishimiz mumkinki, korrupsiya murakkab ijtimoiy hodisa boʻlib, unga qarshi kurashish uchun alohida choralarni qoʻllash samarali hisoblanmaydi, korrupsiyaga qarshi kurashish davlat va jamiyatning oʻzaro jipsligi talab etiladi. Shu sababdan fuqarolardan bojxona qonunchiligi buzilishiga doir holatlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining qisqa 11-08 raqamli hamda Toshkent shahar bojxona boshqarmasining (71) 207-09-39 telefon raqamiga qoʻngʻiroq qilishlarini soʻrab qolamiz.
Zero, bu yoʻnalishda olib borilayotgan islohotlar fuqarolar tomonidan ham faollik koʻrsatilsagina, koʻzlangan natijani berishi mumkin. Shunday ekan korrupsiyaga qarshi kurashda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz, barchamiz birga harakat qilmogʻimiz zarur. Bunda korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatining maqsadi va obyekti sifatida alohida olingan korrupsioner emas, balki ushbu xatti-harakatlarni amalga oshirishga sharoit yaratib beruvchi holatlarini bartaraf qilish va profilaktik oldini olish choralarida namoyon boʻlishini anglagan holda harakat qilmogʻimiz lozim boʻladi.
Munis Xalilova,
bojxona posti katta inspektori