Bu boʻyicha Prezidentning “Bojxona maʼmuriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni (PF–250-son, 17.12.2025-y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2026-yil 1-martdan tovarlarni ular chegara oʻtkazish punktiga yetib kelguniga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga joylashtirishda:

  • bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yigʻimi miqdori 20 foizga pasaytiriladi;
  • bojxona toʻlovlarini boʻlib-boʻlib (kechiktirib) toʻlashda 14 kungacha foizlar hisoblanmaydi.

Quyidagilar boʻyicha bojxona organlarining axborot tizimida xavf aniqlanmaganda, bojxona yuk deklaratsiyalari avtomatik rasmiylashtiruvdan oʻtkaziladi:

  • yirik soliq toʻlovchi tashkilotlar, davlat tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tashkilotlar tomonidan import qilinayotgan tashqi savdo yuklari;
  • tarif va notarif cheklovlar tatbiq etilmaydigan eksport qilinayotgan yuklar.

Tadbirkorlarning barqarorlik reytingida yuqori va oʻrta darajalarini egallagan vakolatli iqtisodiy operatorlarga qoʻshimcha quyidagi imkoniyatlar taqdim etiladi:

  • bojxona toʻlovlari va soliqlarni qaytarish, oʻzaro hisobga olishda soddalashtirilgan tartibotlarni joriy etish;
  • tovarlarni qadoqlash, oʻrash, saralash va tozalash kabi qayta ishlash operatsiyalarida qayta ishlash uchun ruxsatnoma talab qilmaslik.