Tashqi ishlar vazirligi Shartnoma-huquq boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, mamlakatimiz Kioto konvensiyasiga Oʻzbekiston Republikasining 2020-yil 21-dekabrdagi №OʻRQ-654-sonli qonuniga muvofiq qoʻshilgan.

Kioto konvensiyasi universal xalqaro shartnoma hisoblanib, bojxona ishi bilan bogʻliq amalda barcha masalalarni tartibga soladi. Konvensiya bojxona taomillari va qoidalarini uygʻunlashtirish hamda soddalashtirish orqali savdoga koʻmaklashishga qaratilgan boʻlib, zamonaviy bojxona taomillari va metodikasiga oid standart va amaliy tavsiyalarni oʻz ichiga oladi.

Bugungi kunda mazkur xalqaro shartnomada 128 ta davlat ishtirok etmoqda.

Kioto konvensiyasi qoidalari, bir tomondan, bojxona rasmiylashtiruvi va nazoratini soddalashtirish hamda tezlashtirish orqali tashqi savdo faoliyatini, shu jumladan, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini ragʻbatlantirish, boshqa tomondan, mazkur imtiyozlar davlatlarning manfaatlariga zarar yetkazmasligiga yoʻnaltirilgan.

Konvensiya unga aʼzo davlatlarga oʻzlarining milliy qonunchiligida (Bojxona kodeksi, tashqi iqtisodiy faoliyat, maxsus iqtisodiy zonalar va shu kabi boshqa qonunchilik hujjatlari) bojxona tartibotini sodda, tushunarli va oldindan taxmin qilish imkoniyatini beruvchi qoidalar asosida shakllantirish majburiyatini yuklaydi.

Oʻzbekiston Respublikasining Kioto konvensiyasida ishtirok etishi milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishiga xizmat qiladi, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishiga koʻmaklashadi hamda Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida respublikaning reyting koʻrsatgichlariga ijobiy taʼsir etadi.