Bojxonachilar 2022-yil 6-oktyabr kuni oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi “Isuzu” yuk avtotransport vositasi toʻxtatilib, koʻzdan kechirdi. Mashina yukxonadagi ketmon dastalari ortiga yashirilgan qogʻoz qutilar tezkor xodimlarning eʼtiborini tortdi.
Qogʻoz qutilar ochib koʻrilganida ularning ichida 5 turdagi 77 272 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, xorijda ishlab chiqarilgan, ammo sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan mazkur salyut va petardalarning jami qiymati 433 mln soʻmni tashkil qilmoqda, deya xabar beradi Bojxona qoʻmitasi axborot xizmati.
Qayd etilishicha, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi turli idoralar bilan hamkorlikda aniqlangan 27 ta qonunbuzilish holatlarida qiymati 652 mln. 80 ming soʻmlik 109 ming 168 dona pirotexnika vositalarining noqonuniy olib oʻtilishining oʻz vaqtida oldi olindi.
"Faqatgina shu emas. Yuqoridagi holatda yukxonada muqaddam noqonuniy ravishda olib kirligan 28 ming 640 dona lekoplastik va termometrlar ham borligi aniqlandi. Ularning umumiy qiymati 146 mln soʻmdan oshmoqda.
Bundan tashqari, tovarlar orasida 41 ming 488 dona shaxsiy gigiyena va parfyumeriya vositalari borligi aniqlandi. Afsuski, 116 mln. soʻmdan oshiq qiymatdagi mazkur tovarlarning qadogʻida ham ularning ishlab chiqarilgan joyi, muddati haqida va boshqa zaruriy bironta ham axborotlar mavjud emas.
Shunday qilib mazkur holatda toʻxtatib qolingan tovarlarning umumiy qiymati salkam 696 mln. soʻmni tashkil qilmoqda", deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.