Bojxonachilar “kepak” operatsiyasini fosh etishdi

    Kepak tovarlari orasiga mohirlik bilan yashirilgan qiymati 870 mln soʻmlik shakar tovarlari borligi aniqlandi.

    Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Chuqursoy texnik idora” bojxona posti xodimlari tomonidan xorijdan temir yoʻl vagonida keltirilgan kepak tovarlariga tegishli yuk hujjatlari bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

    Natijada mazkur temir yoʻl vagonida yoʻl yuk xujjatlarida koʻrsatilmagan, kepak tovarlari orasiga mohirlik bilan yashirilgan qiymati 870 mln soʻmlik shakar tovarlari borligi aniqlandi.

    Umumiy ogʻirligi 58 tonnani tashkil etuvchi mazkur tovarlarni noqonuniy yoʻllar bilan olib kirish orqali davlat byudjetiga 691 mln soʻmlik bojxona toʻlovlarini toʻlashdan qochishga urinish rejasi amalga oshmadi.

    Hozirda tovarlar vaqtincha saqlovga olinib, holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.