Bojxonachilar ushlab qolingan qadimiy boyliklarni muzeyga topshirdi

    Bojxonachilar “Keles” temir yoʻl chegara postida toʻxtatib qolingan, taxminiy bahosi salkam 400 mln soʻmlik noyob tarixiy boyliklarni Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi fondiga topshirdi.

    Bu haqda Qoʻmita axborot xizmati maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Keles” temir yoʻl chegara bojxona postida mamlakatimiz hududidan yashirin tarzda noyob tarixiy boyliklarni olib chiqib ketishga uringan shaxs fosh qilindi.

    Xususan, “Toshkent-Novosibirsk” reysi boʻyicha yoʻlovchi poyezdida respublikamizdan chiqib ketayotgan fuqaroning qoʻl yuki va sumkalari ichida bojxona xodimlarining ogʻzaki soʻrovi vaqtida maʼlum qilinmagan 325 dona qadimiy tangalar, zargarlik buyumlari, artefaktlar, girya va kamon oʻqi uchlari borligi aniqlandi.

    Ushbu tarixiy ashyolar tarkibidagi 210 dona tangalarni oʻzbek davlatchiligi tarixida vujudga kelgan deyarli barcha davlatlarga taalluqli tangalarning oʻziga xos kolleksiyasi deyish mumkin.

    Madaniy meros agentligi Badiiy ekspertiza boshqarmasining sanʼatshunoslik ekspertizasi xulosasiga koʻra, mazkur qadimiy ashyolar eramizdan avvalgi II-I asrlardan tortib toki XX asrgacha boʻlgan davrni qamrab oladi.

    Shu boisdan mazkur ashyolarning barchasi tarixiy va madaniy qiymatga ega deb topildi va ularning taxminiy bahosi salkam 400 mln soʻmga baholandi.

    Amaldagi tartiblarga koʻra, mazkur madaniy boyliklar dalolatnoma boʻyicha davlat muzeylari va ilmiy muassasalarga begʻaraz topshirib kelinmoqda. Jumladan, yuqoridagi holatda olib qoʻyilgan 325 dona tarixiy buyumlar Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi fondiga vaqtincha saqlovga topshirildi.