Bugun BAAning Dubay shahrida boks boʻyicha har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan Osiyo chempionati yakunlanadi.
Kecha ayollar oʻrtasidagi 10-Osiyo chempionatida gʻoliblari aniqlandi. Yakuniy hisob-kitoblarga koʻra, bokschi qizlarimiz Osiyo chempionatida 1 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronza medallarini qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida 2- oʻrinni egallashdi.
2019-yilgi Osiyo chempionati bilan taqqoslaganda vakilalarimiz Dubay bahslarida munosib natijaga erishganligini taʼkidlash lozim. Bundan ikki yil muqaddam Tailandda oʻtkazilgan IX qitʼa chempionatida bor-yoʻgʻi 2 ta bronza medaliga musharraf boʻlgan Oʻzbek Barchinoylari BAA ringlarida mamlakatimizning ayollar boksi tarixida oʻziga xos rekord qayd etdi, deyishimiz mumkin.
Umumiy medallar mundarijasiga eʼtibor qaratilsa, Qozogʻiston bokschi qizlari 10 ta medallar jamlanmasi(8-1-1) bilan 1-oʻrinni, vakilalarimiz 2-oʻrinni( 1 ta oltin, 5 ta kumush, 2 ta bronza), Hindiston malikalari(1-3-6) esa 3-oʻrinni egallashgan. Qitʼa chempionatida qatnashgan Indoneziya, Kuvayt, Filippin, BAA kabi qator mamlakatlar 1 ta yoki 2 ta medallar bilan kifoyalanishgan.
Bugun erkaklar oʻrtasida oʻtkaziladigan XXXI Osiyo chempionatida 7 nafar bokschimiz oltin medallar uchun jang olib borishadi. Vakillarimizdan -49 kilogramm vaznda Nodirjon Mirzaahmadov — Daniyal Sabit (Qozogʻiston), -52 kilogrammda Shahobiddin Zoirov - Amit (Hindiston), -56 kilogrammda Mirazizbek Mirzaxalilov - Xarku Enx-Amar (Mangoliya), -69 kilogrammda Bobousmon Baturov - Ablayxan Jusupov (Qozogʻiston), 75 kilogrammda Saidjamshid Jafarov - Abilxan Amankul (Qozogʻiston-), -81 kilogrammda Dilshodbek Roʻzmetov - Meysam Geshlagi (Eron) va +91 kilogrammda Bahodir Jalolov - Kamshibek Konkabayev (Qozogʻiston) bilan uchrashadi.
Ikki yil oldingi Osiyo chempionati natijalariga razm tashlasak, charm qoʻlqop ustalarimiz 2019-yilgi chiqsa chempionatida 4 ta oltin, 1 tadan kumush va bronzalarga egalik qilgan ekan.
Hozircha bokschilarimizda 3 ta bronza medali naqd. Bugungi janglar natijasiga koʻra, oltin va kumush medallar masalasi oydinlashadi.
Osiyo chempionatining final bahslari Toshkent vaqti bilan 19:00 dan boshlanadi.
Toʻlqin ROʻZIYEV.