Boks boʻyicha jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

    Sport 1 May 2023 2090

    Bugun 1-maydan dunyoning eng kuchli bokschilari Toshkentda jahon chempionligi uchun bahslarga kirishishadi.

    Kecha “Humo arena”da mamlakatimiz ilk bor mezbonlik qilayotgan dunyo birinchiligining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Xalqaro boks assotsiatsiyasi prezidenti Umar Kremlev, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi oʻrinbosari, mamlakat boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Polatov ishtirok etishdi.

    Marosim rasmiy qismida Abdulla Aripov nutq soʻzlab, musobaqa mehmonlarini qutladi va yurtimizda muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar haqida gapirdi. Shundan soʻng Umar Kremlev jahon chempionati munosabati bilan boks oilasiga tabrik yoʻlladi va musobaqani rasman ochiq deb eʼlon qildi.

    Tadbir davomida bokschilar nomidan Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni Bahodir Jalolov musobaqada halol va shaffof raqobat olib borishga qasamyod qildi. Shundan keyin marosim bayramona kuy-qoʻshiqlar bilan davom etdi, deb xabar beradi Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.