Nigina Oʻktamova 2003-yil 14-iyunda Ishtixon tumanida tugʻilgan. Nigina bolaligidan sportga mehr qoʻydi. Buni ilgʻagan otasi Jasur Saidov va onasi Layloxon Saidova uning oʻqishini shahar markazidagi 33-umumtaʼlim maktabiga oʻtkazishdi. Shu tariqa oʻqishi va sport mashgʻulotlariga qatnashishi uchun imkoniyat yaratildi.

2018-yilda togʻasi Ahmadjon Norxoʻjayev tumandagi boks zaliga uni ilk bora olib boradi. Vaqt oʻtgani sayin undagi mahorat koʻzga tashlanib bordi, oʻziga boʻlgan ishonchi yana ham ortdi. Musobaqalarga qatnashib, yuqori natijalarga erisha boshladi. 2019-yilda ilk marotaba Jizzax viloyatida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston chempionatida qatnashdi va faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Shu tariqa musobaqalar davom etib bordi. 2019-yilda Qozogʻistonning Olmaota shahrida boʻlib oʻtgan Xalqaro turnirda Niginaga omad kulib boqdi. U faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Oʻsha yili Birlashgan Arab Amirligining(BAA) Fujayra shahrida boʻlib oʻtgan Osiyo chempionatida, 2020-yilda Namangan viloyati  2021-yil Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston chempionatlarining barchasida Nigina Oʻktamova faxrli 1-oʻrinni egalladi.

2021-yil 20-21-fevral kunlari Chernogoriyaning Budva shahrida boʻlib oʻtgan “Adriatic Pearl” Xalqaro turnirida  umumjamoa hisobida birinchilikni Oʻzbekistonlik bokschilar egallashdi. Musobaqa yakuniga koʻra, murabbiy Hamid Tangribergenov boshchiligidagi yosh yigit-qizlarimiz 5 ta oltin, 3 ta kumush va 7 ta bronza medallariga sazovor boʻlishdi.  Ushbu turnirda Ishtixon Bolalar-oʻsmirlar sport maktabi tarbiyalanuvchisi Nigina Oʻktavoma 57 kilogramm vazn toifasida ringga koʻtarildi.  Yevropa va MDH davlatlari vakilalari bilan jang olib borgan Nigina raqiblarining barchasidan ustun keldi va jamoa gʻalabasiga munosib hissa qoʻshdi. 

-  Oilada ikki nafar qizmiz. Ota-onam odamlarning gaplariga eʼtibor bermasdan meni doim qoʻllab-quvvatlashdi. Bundan tashqari, mening shu darajaga yetishimga katta hissa qoʻshgan inson - ustozim Akrom aka Uzoqovdir. Bugun nimagaki erishgan boʻlsam, bularning barchasi ustozimning menga koʻrsatgan eʼtibori va mehnatlarining samarasidir, - deydi Nigina Oʻktamova.

Nigina haftada olti kun sport mashgʻulotlari bilan shugʻullanadi. Ayni paytda u Toshkent shahridagi terma jamoa bilan birgalikda 2021-yil aprel oyida boʻlib oʻtadigan Jahon chempionatiga puxta tayyorgarlik koʻrmoqda.

Albatta, havas qilsa arzigulik farzandni tarbiyalagan ota-onasi Niginaning kelajagidan koʻngillari toʻq. Ular farzandining yutuqlari bardavom boʻlishini tilab duo qiladi. Tuman hokimi Sh.Negmatov va BSOʻM maʼmuriyati sportchining barcha yutuqlarini munosib taqdirlab kelishmoqda. Biz ham boks malikasi Nigina Oʻktamovaga yurtimiz sharafini munosib himoya qilishda omad tilaymiz!

Matluba Rabbimova