Bir hafta muqaddam boshlangan qitʼaning eng nufuzli musobaqasida epidemiologik vaziyat sababli Xitoy, Yaponiya, Koreya kabi davlatlar qatnashmayotgan boʻlsada chempionat har tomonlama murosasiz oʻtayotganligini bevosita janglar koʻrsatyapti.

Olti kunlik saralash, yarim final janglari natijalariga koʻra, Osiyo chempionatida kimning imkoniyati qandayligi tobora oydinlashib boryapti.

Finalga yoʻl olgan va 3 oʻrinni egallagan sportchilar mundarijasiga qarab aytish lozimki, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Hindiston sportchilari yetakchilikka daʼvogar davlatlar, deyish mumkin.

Final janglarida Oʻzbekiston bokschilarining 7 nafari Osiyo chempionatining oltin medallari uchun jang olib borishsa, Qozogʻiston – 5 nafar, Hindiston va Mongoliyaning 3 nafardan va Eronning 2 nafar bokschisi oltinlarga daʼvogarlik qiladi. Bronza medallari xususida aytish lozimki, Oʻzbekiston va Filippin davlatlarining 3 nafar sportchisi ushbu roʻyxatdan joy egalladi. Qirgʻiziston – 4 nafar, Mongoliya, Hindiston, Tojikiston, Eron -2 nafardan, Qozogʻiston va Quvayt esa 1 nafardan bokschisi bronzaga ega chiqishdi.

Qizlar oʻrtasidagi qitʼa chempionatining finalchilari roʻyxatida oʻzbekistonlik boks malikalarining 5 nafari oltin medallar uchun kurashishi koʻrsatilgan.

Chempionat dasturiga binoan bugun 29-may Osiyo chempionati ishtirokchilari uchun dam olish kuni, deb belgilangan.

Ertaga 30-may kuni qizlar oʻrtasida final bahslari boʻlib oʻtsa, 31-may kuni erkaklar oʻrtasida Osiyo chempionlarini aniqlash janglari tashkil etiladi.

Eslatib oʻtamiz, erkaklar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida -49 kilogrammda Nodirjon Mirzaaxmedov, -52 kilogrammda Shahobiddin Zoirov, -57 kilogrammda Mirazizbek Mirzaxalilov, -69 kilogrammda Bobousmon Baturov, -75 kilogrammda Saidjamshid Jafarov, -81 kilogrammda Dilshodbek Roʻzmetov va +91 kilogramm vaznda Bahodir Jalolov Dubay ringida Osiyo chempionligi uchun kurashadi.

Toʻlqin ROʻZIYEV.