Musobaqada qitʼamizning 21 mamlakatidan jami 352 nafar bokschi gʻoliblik uchun bahslarga kirishdi. Yurtimiz sharafini oʻsmirlar oʻrtasidagi bahslarda 25 nafar, yoshlar oʻrtasida esa 24 nafar sportchimiz munosib himoya qildi va yangi Oʻzbekiston nomini ulugʻlashdi.

Yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatining oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi final janglarida 10 nafar bokschimiz ringga koʻtarilib, ulardan 7 nafari oltin medalga sazovor boʻlishgani har bir yurtdoshimiz qalbida cheksiz faxr va iftixor uygʻotadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Quyida bokschilarimizning final janglarida qayd etgan natijalari bilan tanishing:

-51 kg: Xoʻjanazar Nortojiyev qozogʻistonlik bokschini magʻlub etdi va oltin medalga sazovor boʻldi.

-54 kg: Abduvali Boʻriboyev filippinlik raqibidan ustun keldi va navbatdagi oltin medal!

-57 kg: Baxtiyor Asadov qirgʻizistonlik raqibini katta ustunlik bilan magʻlub etdi va terma jamoamizga uchinchi oltin medalni taqdim etdi.

-63,5 kg: Javohir Ummataliyev hindistonlik raqibiga imkoniyatni boy berdi va kumush medal bilan cheklandi.

-67 kg: Fazliddin Erkinboyev qozogʻistonlik raqibini magʻlubiyatga uchratib, oltin medalga ega chiqdi.

-71 kg: Alisher Ayubov qozogʻistonlik raqibga imkoniyatni boy berdi va kumush medalni qoʻlga kiritdi.

-75 kg: Rahmatullo Boymatov qozogʻistonlik raqibini magʻlub etdi. Navbatdagi oltin medal!

-80 kg: Abdulaziz Abdurahmonov qozogʻistonlik kuchli raqibini magʻlub etdi va u ham oltin medalga sazovor boʻldi.

-86 kg: Jamoliddin Qozoqov qozogʻistonlik bokschiga imkoniyatni boy berdi va kumush medal bilan taqdirlandi.

-92 kg: Aynazar Kenesbayev esa qozogʻistonlik raqibini magʻlubiyatga uchratdi va jamoamiz hisobiga yettinchi oltin medalni taqdim etdi.