Iordaniyaning Amman shahrida boks bo‘yicha Tokio-2020 olimpiadasiga litsenzion turnir yakunlandi. Unda o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalaridan uch nafari – Mirazizbek Mirzaxalilov, Elnur Abduraimov hamda Bahodir Jalolov o‘z vazn toifalarida oltin medalga sazovor bo‘ldi.
-57 kg vazn toifasida M.Mirzaxalilov iordaniyalik Muhammad Alvadiga qarshi ringga ko‘tarildi va 5:0 hisobida yaqqol ustunlik bilan g‘alabaga erishdi. -63 kg vazn toifasidagi vakilimiz E.Abduraimov esa finalda qozog‘istonlik Zokir Safiullin bilan to‘qnash keldi. Murosasiz kechgan jangda hamyurtimizning qo‘li baland keldi – 3:2. Shunday qilib, Abduraimov terma jamoamiz hisobiga ikkinchi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi. Nihoyat +91 kg vazn toifasida B.Jalolov avstraliyalik Yustis Xuni ustidan 5:0 hisobida g‘alabaga erishdi.
Shu tariqa boks bo‘yicha olimpiada litsenzion turnirida O‘zbekiston terma jamoasi uchtadan oltin va bronza medali bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.