Bokuda BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun maxsus dasturi (SPECA) Boshqaruv kengashining 18-sessiyasi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 23 Noyabr 2023 670

    Joriy yil 23-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Boku (Ozarbayjon) shahrida boʻlib oʻtgan BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun maxsus dasturi (SPECA) Boshqaruv kengashining 18-sessiyasida ishtirok etdi.

    Dastur tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda, shuningdek, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Vengriyaning tegishli vazirliklari rahbarlari hamda BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) va BMTning Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy komissiyasi (ESCAP) rahbarlari ishtirok etdi.

    Laziz Kudratov oʻzining qutlov soʻzida SPECA doirasida savdo, transport, energetika, suv resurslari, innovatsiyalar va texnologiyalar, ekologiya va gender tengligi kabi sohalarda amalga oshirilayotgan qoʻshma dasturlar muhimligini taʼkidlab, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish doirasida koʻrilayotgan choralar muhimligini taʼkidladi.

    Bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish, logistika jarayonlarini raqamlashtirish va kengaytirish, standartlashtirish va sertifikatlashtirish laboratoriyalarini tashkil etish, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni hisobga olgan holda mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi tovar ayirboshlashni yanada oshirish, mintaqaviy elektron tijorat platformalari maqsadida oʻzaro hamkorlikni faollashtirish zarurligi qayd etildi.

    Moslashuvchan tarif siyosatidan foydalangan holda transport aloqasini kengaytirish va barqaror mintaqaviy tranzit tizimini shakllantirish muhimligi taʼkidlandi. BMT standartlaridan foydalangan holda transport koridorlari boʻylab multimodal maʼlumotlar almashinuvini raqamlashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni qabul qilinishi olqishlandi.

    Alohida tartibda oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish, oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshishining oldini olish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish muhimligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, “yashil” va “resurslarni tejovchi” texnologiyalarni joriy etish, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tashish qoidalarini soddalashtirish boʻyicha qoʻshimcha ragʻbatlantirish choralarini joriy etish taklif etildi.

    Mavjud suv resurslariga yuklanish ortib borayotganini hisobga olgan holda ulardan oqilona foydalanish dolzarbligi taʼkidlandi. Bu yoʻnalishda suvni tejovchi ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, onlayn maʼlumotlar almashishning yagona axborot tizimini yaratish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, sel oqimlaridagi suvlarni toʻplash va saqlash infratuzilmasini rivojlantirish, gidrotexnik inshootlarni loyihalash, qurish va ulardan foydalanish tajribasi bilan almashish boʻyicha izchil chora-tadbirlar koʻrish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirish, oila mustahkamligini, xotin-qizlarning huquqiy himoyasi va farovonligini taʼminlashga qaratilgan gender tengligini taʼminlash boʻyicha BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish borasidagi qadamlar haqida soʻzlandi. Bugungi kunda davlat boshqaruvida xotin-qizlar ulushi 35 foizga yetdi, 2022-yilda oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga qabul qilingan qizlar ulushi 49 foizni tashkil etdi.

    Dastur samaradorligini oshirish boʻyicha birgalikdagi ishlar muhimligi, xususan, SPECA mamlakatlarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga moliyaviy koʻmak jalb etish maqsadida BMT shafeligida koʻp sheriklik maqsadli jamgʻarmasini tashkil etish tashabbusini amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

    Sessiyada kun tartibidagi ustuvor masalalar yuzasidan ham fikr almashildi, mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik va koʻp qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash boʻyicha umumiy pozitsiyalar ishlab chiqildi.

    Tadbir yakunida Dastur maqsadlariga erishish yoʻlida barcha ishtirokchilar tomonidan birgalikda ishlashni davom ettirishga sodiqligi bildirildi, shuningdek, SPECA Boshqaruv kengashi tomonidan bir qator qarorlar qabul qilindi va 2024–2025-yillarga moʻljallangan Dastur ish rejasi tasdiqlandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.