Bola huquqlari — daxlsiz

    2018 yilda odam savdosi bilan bog'liq jinoyatlarning 38 foizini bola savdosi tashkil etgan bo'lsa, 2019 yilda bu ko'rsatkich 43 foizga etgan.

    Mamlakatimizda bolalar huquqlarini himoya qilish sohasini tartibga solish, shuningdek, BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi talablariga rioya etilishini ta'minlash maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilyapti.

    Jumladan, O'zbekiston bola huquqlari himoyasiga qaratilgan ko'plab xalqaro hujjatlarga qo'shilgan va bu sohadagi qonunchilik xalqaro huquq me'yorlari asosida takomillashtirilmoqda. Xususan, 1992 yili mamlakatimizda BMTning “Bola huquqlari to'g'risida”gi konventsiyasi ratifikatsiya qilingan. 2008 yili O'zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi qonuni qabul qilindi. Bu sa'y-harakatlar Prezidentimizning 2019 yildagi “Etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi hamda “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorlari bilan mustahkamlandi.

    Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 maydagi “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga asosan, mamlakatimizda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) o'rinbosari — Bola huquqlari bo'yicha vakil lavozimi joriy etildi. Biroq sohada amalga oshirilayotgan shuncha sa'y-harakatlarga qaramay, hali hal etilishi zarur bo'lgan qator dolzarb masalalar saqlanib qolyapti.

    Birinchidan, mamlakatimizda voyaga etmaganlarning haq-huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlarini ta'minlash bilan to'qqizta davlat organi shug'ullanishiga qaramay, so'nggi yillarda o'g'il-qizlar o'rtasida huquqbuzarlik sodir etish holatlari muntazam kuzatilmoqda.

    Voyaga etmaganlarning g'ayriijtimoiy xatti-harakatlariga imkon beruvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish tegishli idoralararo komissiyalar, ichki ishlar, ta'limni boshqarish, vasiylik va homiylik, mehnat organlari, voyaga etmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko'rsatish markazlari va o'quv muassasalariga yuklatilgan bo'lsa-da, huquqbuzarlik ko'rsatkichi o'zgarmay qolmoqda.

    Ma'lumotlarga ko'ra, o'tgan yilning etti oyi davomida Respublika bo'yicha 464 nafar voyaga etmagan shaxs tomonidan 401 ta jinoyat sodir etilgan bo'lib, bu 2019 yilning mos davriga nisbatan 36,4 foiz oshgan. SHuningdek, 2020 yilda sudlangan 10 ming 371 nafar yoshdan 499 nafari voyaga etmaganlardir.

    Ikkinchidan, bolalar huquqlarini ta'minlash, voyaga etmaganlar bilan ishlash masalalarida yagona idora mavjud emas. Bolalar huquqlarini ta'minlash, voyaga etmaganlar bilan ishlash bilan bog'liq vazifalar bir nechta mustaqil davlat idoralari zimmasiga yuklangan.

    Bola huquqlarini himoya qilish bilan shug'ullanuvchi davlat organlari sonining ko'pligi ularga yuklatilgan vazifalarni bajarishda sansalorlik, turli rasmiyatchilik yoki ijro mexanizmlarini yo'lga qo'yishda noto'g'ri yondashuvlarni keltirib chiqarmoqda.

    So'nggi paytda bolalar savdosi bilan bog'liq vaziyatlar tez-tez uchrab turibdi. 2019 yilda bunday holatlar 2018 yilga nisbatan kamaygan bo'lsa-da, bu yo'nalishda sodir etilgan umumiy jinoyatlar tarkibida bola savdosi bilan bog'liq ko'rsatkichlar yuqoriligicha qolmoqda. Xususan, 2018 yilda odam savdosi bilan bog'liq jinoyatlarning 38 foizini bola savdosi tashkil etgan bo'lsa, 2019 yilda bu ko'rsatkich 43 foizga etgan.

    Uchinchidan, farzandlikka olish tizimidagi mavjud muammolar ham bolalar huquqlarini himoya qilish borasida jamoatchilikni o'ylantirmoqda.

    Amaldagi qonunchiligimizda farzandlikka olish tizimining ochiq va shaffofligini ta'minlovchi qoidalar belgilanmagan. Xususan, farzandlikka olish uchun hujjatlarni masofadan turib topshirish, farzandlikka olish mumkin bo'lgan bolalar to'g'risida ma'lumotlar olish imkoniyati mavjud emas.

    Ma'lumotlarga ko'ra, 2020 yil mart holatiga ko'ra, birgina Toshkent shahridagi mehribonlik uylari bo'yicha ikki yarim mingdan ortiq fuqaro farzandlikka oluvchi sifatida navbatda turgan.

    Bola huquqlarini himoya qilish sohasida xorijiy mamlakatlar tajribasini o'rganish foydadan xoli bo'lmaydi. Masalan, yon qo'shnimiz Qozog'istonda bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini ta'minlash bo'yicha yagona davlat siyosatini yuritish, bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarining asosiy kafolatlarini mustahkamlash, shuningdek, o'g'il-qizlarning buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida Ta'lim va fan vazirligining Bolalar huquqlarini himoya qilish qo'mitasi tashkil etilgan. Rossiyada davlat rahbari tomonidan tayinlanadigan va vazifadan ozod qilinadigan hamda prezident huzurida faoliyat yuritadigan Bola huquqlari bo'yicha vakil lavozimi joriy etilgan.

    Janubiy Koreyada zo'ravonlikdan jabr ko'rgan va qarovsiz qolgan bolalarni muhofaza etish, ularning oilalarini tiklashga ko'maklashish bilan Bolalarni himoya qilish milliy agentligi shug'ullanadi. AQSHning har bir shtatida Bola huquqlarini himoya qilish markazlari tashkil etilgan. Bundan tashqari, Belarus` Respublikasida etim va ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalar huquqlarini himoya qilish, milliy va xalqaro farzandlikka olishni ta'minlash, vasiylik va homiylik faoliyatini Xalq ta'limi vazirligining Farzandlikka olish milliy markazi olib boradi.

    Mazkur muammolarni bartaraf etish, bolalarning huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida voyaga etmaganlar bilan ishlash sohasida vakolatli yagona davlat idorasini tashkil etish maqsadga muvofiq. Xorijiy mamlakatlarning ilg'or tajribasidan foydalanib, bunday idora faoliyatini qator omillarni hisobga olgan holda tashkil etish mumkin.

    Birinchidan, O'zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi huzurida Bolalar huquqlari va voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha yagona markaz hamda uning hududiy bo'linmalarini ochilsa, ayni muddao bo'lardi.

    Ikkinchidan, voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy bo'linmalari, maxalliy davlat hokimiyati organlarida voyaga etmaganlar ishlari bo'yicha kotibiyat, vasiylik va homiylik organlari faoliyatini tugatish hamda ularning vazifa va funktsiyalarini yangi tuziladigan markazga o'tkazish lozim.

    Uchinchidan, bolalar huquqlarini ta'minlash, voyaga etmaganlar bilan ishlash sohasidagi barcha davlat organlarining vakolatlarini yangi tuziladigan markaz o'tkazish maqsadga muvofiq.

    Markaz asosiy vazifa va funktsiyalari doirasida bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash hamda himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini yuritadi. Bola huquqlari, erkinlik va qonuniy manfaatlarini himoya qiluvchi davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat etish hamda uslubiy rahbarlik qilishni zimmasiga oladi. SHuningdek, o'g'il-qizlarni sog'lig'i va rivojlanishiga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi zararli axborotlardan himoya qilish, voyaga etmaganlar o'rtasida tarbiyaviy ishlarni kuchaytirish, ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish bo'yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi. Etim bolalar va ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarning ijtimoiy-psixologik reabilitatsiyasini va huquqiy himoyasini ta'minlash, mehribonlik uylari faoliyatini nazorat qilish, farzandlikka olish masalalari bilan shug'ullanadi. Xalqaro farzandlikka olish tartibini muvofiqlashtirish, u bilan bog'liq nizolarni hal qilishda qatnashish, xorijiy mamlakatlar tashkilotlari bilan xalqaro hamkorlikni olib borish kabi vazifalarni bajaradi.

    Shohrux MAMATQULOV,

    Adliya vazirligi huzuridagi

    Huquqiy siyosat tadqiqot instituti

    mas'ul xodimi