Taʼkidlanishicha, oʻtgan yillar mobaynida bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsional va huquqiy asoslari tubdan takomillashtirilib, bolalar orasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar sodir etilishining barvaqt oldini olish, nogironligi boʻlgan bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash masalalari keng jamoatchilik jalb qilingan holda hal qilinmoqda.
Mazkur islohotlarning davomi sifatida ushbu Qonun bilan bir qator oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, jinoyat qonunchiligida voyaga yetmaganlarga nisbatan insonparvarlikni kuchaytirish maqsadida jinoiy javobgarlikka tortish yoshini oʻn uch yoshdan oʻn toʻrt yosh etib belgilanmoqda.
Voyaga yetmaganlarning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar, shu jumladan bolalarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar uchun belgilangan jazo choralari kuchaytirilmoqda.
Shuningdek, voyaga yetmagan jabrlanuvchi yoki guvohni soʻroq qilish muddatlari aniq belgilanib, jinoyat-protsessual qonunchilikda voyaga yetmagan jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini soʻroq qilishda psixolog ishtirok etishini taʼminlash nazarda tutilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi natijasida mamlakatimizda voyaga yetmaganlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilinishiga erishiladi hamda milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish imkonini yaratiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.