Bolaga qoʻpol munosabatda boʻlgan IIB xodimlariga intizomiy jazo qoʻllanildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari bir bolani mashinaga majburan tiqib olib ketishi aks etgan video tarqaldi.

    Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmanining bildirishicha, 1-fevral kuni tasvirdagi bolaning onasi Bolalar ombudsmaniga murojaat qildi.

    Aniqlanishicha, 2023-yil 22-dekabr kuni Chilonzor tumani Chilonzor-3 mavzesida IIO xodimlari Sh.M. va A.O. lar 2011-yilda tugʻilgan K.P. da pirotexnika vositalari borligini aniqlab, bolani xizmat mashinasiga kuch ishlatib, majburan oʻtqazishga uringan holda unga nisbatan qoʻpol va nomaqbul munosabatda boʻlganlar.

    Buning oqibatida esa bola bosh sohasidan lat yegan va qattiq emotsional qoʻrqish holatiga tushgan.

    Ichki ishlar xodimlariga nisbatan mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilib, Sh.M. va A.O. larning harakatlarida voyaga yetmagan K.P. ga nisbatan qoʻpol munosabatda boʻlish hamda IIV Kasb madaniyati kodeksini buzish holatlari yuzasidan xayfsan intizomiy jazosi qoʻllanilgan.

    "Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining bola manfaatlariga zid boʻlgan bu kabi harakatlariga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi va bunga javoban qonun doirasidagi qatʼiy chora koʻrilishi shart.

    Hozirda Bolalar ombudsmani soʻroviga koʻra Toshkent shahar prokuraturasi mazkur holatga huquqiy baho berish masalasini oʻrganmoqda, deyiladi xabarda.

    Bu borada qoʻshimcha maʼlumot berilishi maʼlum qilindi.