Chaqaloqning muddatidan oldin va kam vazn bilan tug'ilishi uning keyingi hayoti davomida salomatligiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. Ana shunday asoratlardan biri bu – homiladorlik davrida ona organizmining surunkali shamollashga chalinishi. Kaliforniya universiteti olimlari esa: “Ota-onalarning psixologik barqarorligi bunday xavf-xatardan himoya qilishga yordam bera oladimi” degan savol bilan murojaat qilishgan.
E'lon qilingan ilmiy-tadqiqot ishi mualliflari ota-onalarning ruhiy ko'tarinkiligi, ya'ni dunyoga umid bilan qarashi, kelajakka bo'lgan yuksak ishonchi, yaqinlarining qo'llab-quvvatlovi va hayotdagi qiyinchiliklarni yengib o'tish qobiliyatini ularning ichki resurslari sifatida o'rganishga qaror qilishdi. Va mazkur omillar homiladorlikka katta ijobiy ta'sir ko'rsatishini qayd etishgan. Mavzudagi asosiy gipoteza shundaki, qayd etilgan resurslar ona organizmi shamollashi ehtimolini kamaytiradi va o'z navbatida chaqaloqning sog'lom tug'ilishiga katta tayanch bo'la oladi.
Tajribada 217 juftlik qatnashgan. Natijalar esa o'ta yangi xulosalarni beradi. Ma'lum bo'lishicha, otaning psixiologik holati ona organizmidagi biologik jarayonlarni bevosita ko'rsatadi. Otaning barqarorlik resurslari (ruhiy ko'tarinkilik, o'ziga ishonch) qanchalik yuqori bo'lsa homilador ayoldagi S-reaktiv oqsil darajasi shuncha past bo'lar ekan. Bu esa muddatidan oldin tug'ish ehtimolini pasaytiradi.
Muhim jihat: rasmiy nikoh bu borada muhim omil ekanligi ma'lum bo'ldi. Nikohdan o'tmasdan, bir joyda shunchaki er-xotin bo'lib yashashda esa oila, er-xotin majburiyatlari norasmiy tus oladi va hech qanday ijobiy natija bermaydi. Otaning psixologik barqarorligini kuchaytitirishga ijobiy samara beradigan omillarni yo'qqa chiqaradi.
Tadqiqot jarayonida onaning barqarorlik resurslari organizmning shamollash darajasiga ham, homila tug'ilish natijasiga ham deyarli ta'sir ko'rsatmagan. “Otaning hayotga ko'tarinki ruh bilan qarashi va qiyinchliklarni engib o'tish layoqati kabi kuchli jihatlari biologik usullar orqali butun oila a'zolariga o'tishi mumkinligini nomoyon etgan ilk tadqiqotlardan biri” deydi professor Jenifer Xon-Xolbruk.
Tadqiqotchilar fikricha, otaning xavotirda bo'lishi, o'ziga bo'lgan ishonchning susayishi, tushkunlikka tushishi ona organizmida stress gormonlari oshishiga va asab tizimi buzilishiga sabab bo'ladi. Natijasini esa tasavvur qilish qiyin emas, deb yozadi ria.ru.









