Bugun jamiyatimizda ayollarning oʻrnini mustahkamlash uchun bir qator muhim ishlar olib borilmoqda. Oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilab qoʻyildi. Gender tenglikni taʼminlash, jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zoʻravonlikka nisbatan murosasiz muhitni yaratish, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatini taminlash davlat siyosatining muhim vazifalaridan biriga aylandi.

Xotin-qizlar bugun oilada, jamiyatda va siyosiy doirada katta rol oʻynamoqda. Ayollarning azaliy mehribon qiz, gʻamxoʻr opa yoki singil, sadoqatli umr yoʻldosh, oʻz farzandlari uchun jonini ham fido qilguvchi ona, sodiq sirdosh, maslahatgoʻylik vazifalariga bugun yana tajribali xodima, ishbilarmon ayol, innovator boshlovchi kabi sifatlar ham qoʻshilmoqda.

Lekin ayni paytda jahon xotin qizlar hayotiga nazar solib, ayollar taqdiri bilan bogʻliq koʻngilni xira qiladigan holatlardan ham koʻz yumolmaymiz. Aksariyat mamlakatlarda (baʼzan oʻzimizda ham uchrab turibdi) ayollar, xotin-qizlar savodsizlik, zoʻravonlik, turli xil haqoratlar, erta turmush, kamsitishlar, chetlatishlar, tazyiqlar ostida kun kechirishadi.

Xoʻsh, biz oʻz ayollarini himoya qilolmaydigan millatmizmi? Albatta, yoʻq. Bizda xotin-qizlar huquqlari va ularning turmush tarzini yaxshilash uchun koʻplab tashkilotdar tuzilgan:

  • Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi;
  • Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi;
  • Qonunchilik palatasining Oila va ayollar masalalari boʻyicha komissiyasi;
  • “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti shular jumlasidan.

Har bir qiz xavfsiz, bilimli va sogʻlom hayot kechirish huquqida ega. Agar yoshlik davridanoq ular qoʻllab-quvvatlansa, qizlar bugungi kunning kuchli insonlari va ertangi kunning mehribon onalari, tadbirkorlari, murabbiylari, uy bekalari va siyosiy rahbarlari sifatida dunyoni oʻzgartirish imkoniyatiga ega boʻlishadi.

Toshkent davlat yuridik universitetida “Xalqaro qizlar kuni” munosabati bilan “Talaba qizlar forumi” oʻtkazildi. Tadbir oʻz doirasiga koʻplab isteʼdodli qizlarni qamrab oldi. Qizlar sport, sanʼat, musavvirlik, raqs mahorati, mushoira, badiiy ijod, milliy liboslar namoyishi kabi bir qancha loyihalar boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyon qildilar. Yakunda gʻoliblar munosib taqdirlandi.

Munisa Abduvahobova,

TDYUU talabasi